AQSH Prezidenti Jo Baydenning ko‘plab Osiyo mamlakatlariga nisbatan “ksenofobiya” so‘zini qo‘llaganiga munosabat bildirgan Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar o‘z mamlakati boshqa jamiyat vakillari uchun doim “ochiq” bo‘lganini aytdi. Bu haqda “Hindustan Times” nashri yozdi.

– Bizda ayni muammoga duch kelgan odamlar uchun eshiklarni ochadigan CAA (Fuqarolikni o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun) bor, – dedi u OAV vakillariga bergan intervyusida. – Menimcha, biz Hindistonga kelishga intilayotgan da’vogarlar uchun ochiq bo‘lishimiz kerak.

Hafta boshida AQSH yetakchisi Hindiston va boshqa mamlakatlar iqtisodiyoti ksenofobiya tufayli turg‘unlashgani, Qo‘shma Shtatlar esa iqtisodiy jihatdan yaxshi ishlayotganini aytgan:

– Nega? Biz muhojirlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Nega Xitoy iqtisodiy jihatdan o‘sishdan to‘xtab qoldi? Nima uchun Yaponiya muammoga duch kelmoqda? Nima uchun Rossiya? Nima uchun Hindiston? Sababi, bu davlatlar ksenofobik, muhojirlarni AQSH prezidentichalik xushlamaydilar.

Jayshankar esa mamlakati iqtisodiyoti sustlashmaganini e’lon qildi.

– Hindiston har doim tashqi olam uchun jozibador ko‘ringan, – dedi u. – Haqiqatan, dunyo tarixida bu o‘lka juda ochiq. Diyorimizga turli jamiyatlardan turfa odamlar keladi. Bizning qonunlarimiz Hindiston hammaga xushmuomalalik bilan yondashishini ko‘rsatadi.

CAA hujjati Pokiston, Afg‘oniston va Bangladeshdan kelgan musulmon bo‘lmagan qochqinlar Hindiston fuqaroligini olishini osonlashtiradi.

Mamlakatdagi hukmron Bharatiya Janata partiyasi esa hukumatni siyosiy manfaat uchun jamoatchilikni chalg‘itishda ayblamoqda.

Bir necha muxolif partiya vakillari, jumladan G‘arbiy Bengaliya Bosh vaziri Mamata Banerji qonunni qo‘llashdan bosh tortib, bekor qilishga ham va’da berdi.

Baydenning gapi janjalga sabab bo‘lgach, Oq uy ma’muriyati barcha ittifoqchilari va sheriklarini hurmat qilishini bildirdi.

– Shubhasiz, biz Hindiston bilan ham, Yaponiya bilan ham mustahkam munosabatga egamiz, – dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan Per, – So‘nggi uch yilga nazar tashlasak, AQSH rahbari ushbu davlatlar bilan diplomatik munosabatga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganini ko‘rish mumkin.

https://www.hindustantimes.com/india-news/s-jaishankar-invokes-caa-in-reaction-to-joe-bidens-xenophobia-remark-101714808366508.html