Joriy yilning 23-24 oktyabr kunlari Samarqand shahrida ilk bor Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralar rahbarlarining II yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu tadbir davlat xizmatiga iste’dodli shaxslarni jalb qilish hamda rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish yuzasidan o‘zaro tajriba almashish bo‘yicha muloqot platformasi bo‘lib xizmat qiladi.

Unda mamlakatimiz hamda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlardan 30 ga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Muloqot davomida:

– Kadrlar siyosati va davlat xizmatidagi zamonaviy trendlar, yangi g‘oyalar va yondashuvlar muhokama qilinadi;

– Rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish va u bilan samarali ishlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdimotlari tashkil qilinadi;

– Iste’dodli shaxslar, xususan, yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashiladi;

– Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralari o‘rtasida barqaror hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

 

O‘zA