AQSH Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam cheklanishi yoki kamayishi Kiyevning jangovar imkoniyatiga salbiy ta’sir qiladi, dedi Oq uyning strategik aloqalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi.

“Moliyalashtirish to‘xtatilishi yoki sezilarli miqdorda qisqartirilishi Ukraina muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi mulozim “MSNBC” telekanaliga bergan intervyusida, Kongress Kiyevga qo‘shimcha yordam berish masalasida bir to‘xtamga kelmayotganiga izoh berarkan.

Kirbi AQSH Kiyevga ko‘mak bo‘yicha asosiy manba ekanini ta’kidlab, qo‘shimcha yordam ko‘rsatish qarorini ikkala partiya ham qo‘llab-quvvatlashiga ishonishini aytdi.

Oq uy ayni maqsad uchun Kongressdan 2023 yil oxirgi choragi uchun 24 milliard dollar so‘ragan. Sobiq Prezident Donald Tramp tarafdori, Ukrainaga yordam ko‘rsatishga avvaldan qarshi chiqib kelgan respublikachi Teylor Grin bu boradagi har qanday qonun loyihasiga qarshi ovoz berishga va’da bermoqda.

Ushbu mavzuda Pentagon ham fikr bildirdi. Mudofaa vazirining qurol xarid qilish bo‘yicha o‘rinbosari Uilyam Laplant ta’kidlashicha, hukumat tomonidan Kiyevni moliyalashtirish to‘xtatiladigan bo‘lsa, bu holat Ukrainaga berilayotgan qurollarni testdan o‘tkazishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Keyingi hafta Ukraina uchun mo‘ljallangan texnika testdan o‘tishi kerak, agar yakuniy kelishuvga erishilmasa, tajriba o‘tkazilmaydi”, – dedi Laplant Strategik tadqiqotlar markaziga bergan bayonotida.

Seshanba kuni Oq uy respublikachilar tutgan pozitsiya AQSH hukumati faoliyati to‘xtab qolishiga sabab bo‘lishi, ya’ni “shatdaun” holati yuzaga kelishi mumkin, deya ogohlantirdi. Natijada Amerikaning bir milliondan ziyod harbiy xizmatchisi maoshsiz qoladi, bu o‘z navbatida milliy xavfsizlikka putur yetkazadi.

Navbatdagi “shatdaun”ga yo‘l qo‘ymaslik uchun Kongress joriy moliyaviy yil oxiri – 1 oktyabrgacha mamlakatning to‘liq yoki qisqa muddatli byudjetini qabul qilishi shart.

S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA