Ertaga boshlanadigan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi arafasida Nyu-Yorkda Bahrayn tashqi ishlar vaziri doktor Abdullatif bin Rashid Az-Zayoniy o‘zbekistonlik hamkasbi Baxtiyor Saidov bilan uchrashdi. Bu haqda podshohlik axborot agentligi – “BNA” ma’lum qildi.

Suhbat chog‘ida mustahkam do‘stona munosabatning barcha jihatlari muhokama qilinib, turli sohalardagi hamkorlik o‘sishining yuqori sur’atidan o‘zaro mamnunlik qayd etildi.

Tomonlar umumiy masala va mavzulardan tashqari har ikki tomon manfaatiga xizmat qiladigan qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish yo‘llarini ham ko‘rib chiqdilar.

Uchrashuvda Bahrayn podshohligining BMTdagi doimiy vakili, elchi Jamol Ar-Ruvoiy va tashqi ishlar vaziriga hamrohlik qilayotgan delegatsiya a’zolari ham ishtirok etdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA