Samarqand shahrida 7-8 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO texnik ko‘magida Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Kun sayin ko‘hna kentning tashrif qog‘oziga aylanib borayotgan Buyuk Ipak yo‘li xalqaro turizm markazida o‘tkazilgan mazkur nufuzli tadbirning ikkinchi kuni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi investitsiya forumi bilan boshlandi. 26 davlatdan 100 ga yaqin kompaniya vakillari qatnashgan tadbirda mamlakatimiz agrar sohasida keyingi yillarda olib borilayotgan samarali islohotlar, ayni payt hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, kelgusi rejalar haqida mehmonlarga batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi salohiyati namoyish etilgan taqdimot yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov barchani anjumanning birinchi kuni dasturidan o‘rin olgan sessiyalar davomida muhokama qilingan masalalar – sohada xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, xususan ilg‘or mamlakatlar tajribasini o‘zlashtirish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni kengroq joriy etish orqali bugungi kunda global tus olayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shishga chaqirdi. Bu jarayonda sohaga investitsiya kiritish eng dolzarb masala ekanini ta’kidladi.

FAO Bosh direktori Syuy Dun’yuy anjuman yuksak saviyada o‘tgani, soha rivoji uchun juda muhim bo‘lgan ko‘plab foydali taklif, tashabbuslar bildirilganini yana bir bor e’tirof etdi. Eng muhimi, Samarqand deklaratsiyasi FAO faoliyatida o‘ta muhim voqelikka aylanganiga urg‘u berdi.

Investitsiya forumining yalpi yig‘ilishidan so‘ng V2V va G2B uchrashuvlariga navbat berildi. Dunyoning turli qit’alaridan, 30 ga yaqin davlatdan yurtimizga kelgan ishbilarmon doiralar vakillari, yetakchi kompaniyalar mas’ul xodimlariga boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan hamkasblari bilan muloqot qilish, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishish imkoni taqdim qilindi. Anjuman yakunida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, grant va xalqaro moliya institutlari mablag‘ini jalb qilish, savdo shartnomalari ko‘rinishida ko‘plab kelishuvlarga erishildi, hujjatlar imzolandi.

Anjuman dasturidan o‘rin olgan “Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha tadqiqotlar va innovatsiyalar mavzusidagi ilmiy forum ham ishtirokchilar, ekspertlarda jiddiy qiziqish uyg‘otdi.

Kunning ikkinchi yarmida ham bir qator tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Konferensiya qatnashchilari Samarqand viloyatidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Shuningdek, mehmonlar an’anaviy o‘zbekona mehmondo‘stlik ramzi sifatida ko‘hna va hamisha navqiron Maroqandning asrlar davomida dunyoni lol qilib kelayotgani osori-atiqalaridan zavq oldilar.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA muxbiri