Xuan Manuel Fonruj: O‘zA bilan hamkorlik Markaziy Osiyo haqida xolis va haqqoniy axborot tarqatishimizda qo‘l keladi
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Yaqinda qarorgohi Argentinaning Buenos-Ayres shahrida joylashgan Lotin Amerikasi axborot agentligi saytida O‘zA va LANA (Latin America News Agency) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangani haqida axborot berildi.
Maqolada yozilishicha, ikki agentlik o‘rtasida keng ko‘lamli, samarali hamkorlik orqali mintaqalar va jahon yangiliklarini yoritib borish, turli madaniyatlar o‘rtasida muloqot ko‘prigi o‘rnatish, o‘quvchilarga xolis, haqqoniy axborot yetkazish maqsad qilingan.
Ushbu muhim hujjat O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov va Lotin Amerikasi axborot agentligi rahbari Xuan Manuel Fonruj tomonidan onlayn tarzda imzolangani xususida ma’lumot berilgan.
Tomonlar axborot sohasida aloqani mustahkamlash umumiy strategik maqsad ekaniga urg‘u berishgan.
Muallif O‘zA rahbarining quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan:
– Ayni payt biz dunyoning ko‘pgina yirik axborot agentliklari bilan faol axborot almashyapmiz. LANA bilan sheriklik endi o‘quvchilarimizni nafaqat Argentina, balki butun mintaqa bilan bog‘liq voqea-hodisalardan tezkor xabardor qilish imkonini beradi.
O‘z navbatida janob Xuan Manuel Fonruj ham O‘zA bilan hamkorlik LANA uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha xabardorlikni sezilarli darajada oshirish imkonini berishini qayd etgan:
– Markaziy Osiyo voqealari Lotin Amerikasi uchun har doim qiziq. Shu ma’noda ushbu memorandum juda qimmatli. Ijodiy hamkorlikning yangi bosqichi bizga ushbu mintaqa haqida xolis, haqqoniy axborot olishimizda juda qo‘l keladi.
Asosan ingliz va ispan tillarida xabar ulashuvchi mazkur nashrning xorijiy muxbirlar tarmog‘i mintaqada o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib, Yevropa, Afrika va Osiyo bo‘ylab 20 ga yaqin hamkor bilan kelishuvga ega.
O‘tkir Alimov, O‘zA