Joriy yilning birinchi to‘rt oyi mobaynida 2,1 mingdan ortiq tashkilotlar davlat g‘aznasiga 32,9 trillion so‘mdan ko‘p pul to‘lagan. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Shundan 16,2 trillion so‘mi davlat ulushi mavjud 10 ta kompaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha kuchli uchlikda 7,7 trillion so‘mdan ortiq pul o‘tkazgan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (NKMK) yetakchilik qilmoqda, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) 2,5 trillion so‘m bilan ikkinchi, “Uzgazstrade” 1,4 trillion so‘m bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Top-10 soliq to‘lovchilar ro‘yxatidan o‘rin olgan boshqa davlat kompaniyalari quyidagilar:
Hududgazta’minot— 1,3 trillion so‘m
«O‘zbekneftgaz» — 1 trillion so‘m
“Navoiyuran” DK— 596,3 milliard so‘m
“UzAuto Motors” AJ— 417,2 milliard so‘m
“O‘zbektelekom” AJ— 408,9 milliard so‘m
“O‘ztransgaz” AJ— 351,1 milliard so‘m
“O‘zmilliybank” — 343,7 milliard so‘m.
Xususiy kompaniyalarga kelsak, ularning Top-10 tasi 2,5 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘lagan.
UzBAT ular orasida eng yirik soliq to‘lovchi hisoblanib, davlat byudjetiga 843 milliard so‘m soliq tushumini amalga oshirgan. Undan keyingi o‘rinlarda 277 milliard so‘m bilan Enter Engineering Ltd. va 255 milliard so‘m bilan “Tashkent Tobacco” MCHJ bormoqda.
Respublika byudjetiga salmoqli ulush qo‘shgan boshqa xususiy kompaniyalar quyidagilardan iborat:
Kapitalbank— 235 milliard so‘m
Eriell GMH DM — 187 milliard so‘m
Unitel MCHJ QK— 163 milliard so‘m
Hamkorbank— 161 milliard so‘m
Gid License Plate MCHJ XK— 160 milliard so‘m
ADM Jizzakh MCHJ— 153 milliard so‘m
Anglesey Food MCHJ—99 milliard so‘m.
O‘zA