14-15 may kunlari Samarqand shahrida “Kutubxona hamdo‘stligi: hamkorlik va innovatsiyalar” xalqaro MDH kutubxonachilari forumi o‘tkazildi.

Samarqand shahri 2024 yilda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining madaniy poytaxti deb e’lon qilingani munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda MDHga a’zo davlatlar milliy kutubxonalari, Moskva hamda Sankt-Peterburg davlat madaniyat institutlari, bolalar va yoshlar kutubxonalari, Markaziy Osiyo chegara kutubxonalarining 30 ga yaqin rahbar va yetakchi mutaxassislari qatnashdi.

Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori A.Xo‘jayev, Rossiya Davlat kutubxonasi bosh direktori, Yevroosiyo kutubxonalar assambleyasi prezidenti Vadim Duda, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur tadbir zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish keng ommalashib borayotgan bir paytda MDH davlatlari kutubxonalari mas’ullarining o‘zaro tajriba almashishi va hamkorlik qilishi uchun qulay maydon bo‘lganini ta’kidladi.

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov Samarqand shahri joriy yilda MDH madaniy poytaxti deb e’lon qilinishi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, viloyatdagi kutubxonalarda kitobxonlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, bunga mahalliy hokimliklarning e’tiboriga to‘xtaldi. Ayni paytda Samarqand shahridagi bir asrdan ortiq tarixga ega viloyat bolalar kutubxonasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayotganini qayd etib, kelgusi yilda ushbu maskanda Markaziy Osiyo bolalar kutubxonalari forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Shundan so‘ng forum doirasida bir qator seminar va uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazildi.

Jumladan, MDH mamlakatlari kutubxonalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “Raqamli avlodning axborot madaniyati, O‘zbekiston kutubxonalarida bolalar va yoshlarning media va axborot savodxonligini shakllantirishning yangi yo‘nalishlari”ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminarda media makonida kutubxonachilarning o‘rni haqida so‘z yuritildi. Bu borada O‘zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot muhokama etildi.

Markaziy Osiyo chegara kutubxonalari direktorlarining “Transchegaraviy kutubxona hamkorligi: xalqaro hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi davra suhbatida Yevroosiyo kutubxonalari assambleyasi, Rossiya Davlat kutubxonasi vakillari bilan o‘zaro tajriba almashildi.
Forum doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Rossiya Davlat kutubxonasi, Xorazm viloyati Mahmud az-Zamaxshariy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Vladimir Mayakovskiy nomidagi jamoat kutubxonasi, Surxondaryo viloyati adib Sobir Termiziy nomidagi axborot-kutubxona markazi va Tojikiston Milliy fanlar akademiyasi Indira Gandi nomidagi markaziy ilmiy kutubxonasi o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari