O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasining 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xorijlik tajribali murabbiylar mamlakat milliy terma jamoasida ish boshlagani e’lon qilindi.
Anjuman davomida federatsiyaning so‘nggi yillardagi faoliyati tahlil qilinib, oldinda turgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik dasturi ko‘rib chiqildi.
Joriy yil velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun 4 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Ammo bu, ko‘zlangan natijalarga erishilganini emas, balki kelajak rejalarni amalga oshirish uchun katta imtihon vazifasini o‘tagani ta’kidlandi.
Jurnalistlarning savollariga javob berish asnosida federatsiya mutasaddilari yoshlar o‘rtasidagi “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlari, “Aichi-Nagoya-2026” yozgi Osiyo va “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Dasturga muvofiq, xorijlik murabbiylar Juzeppe Toni (Italiya), Yoxan Dombrush (Germaniya), Volodimir Starchik (Ukraina) terma jamoamizga jalb etilgani bildirildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA