Braziliyaning Florianopolis shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatining ortda qolgan ikkinchi kungi bahslarida hamyurtimiz Afro‘za Hamdamova g‘alabaga erishdi.

Jahon chempionatining 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi 2-turida Afruza Hamdamova qora donalarda Slovakiya terma jamoasi a’zosi Novomeska Karin bilan kuch sinashdi. Shiddatli kechgan uchrashuvning 37-yurish holatida hamyurtimiz raqibini taslim etdi. Ushbu g‘alaba tufayli Hamdamova ochkolari sonini 2 taga yetkazib oldi va o‘z yosh guruhida yetakchilardan biri ekanligini yana bir karra amalda isbotladi.

Aytish lozim, 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida 65 nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning 12 nafari 2, 9 nafari 1,5 va 26 nafari 1 ochkoga ega bo‘lib turibdi. 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqada ishtirok etayotgan shaxmatchimiz Javohir Bozorov 2-turda qora donalarda latviyalik Reynis Valdatisga ro‘baro‘ keldi. Afsuski, yosh shaxmatchimizga mazkur o‘yinda omad kulib boqmadi. 14 yoshgacha bo‘lgan qizlar musobaqasida qatnashayotgan Nilufarxon Imomqo‘ziyeva oq donalarda meksikalik Telles Fukusima bilan murosa yo‘lini tanlashi ortidan 1,5 ochkoli bo‘lishga erishdi.

Chempionatning 3-turida Afro‘za Hamdamova oq donalarda meksikalik Gvadelupe Mantano Visente, Javohir Bozorov ham oq donalarda Janubiy Afrika vakili Kaleb Deysel, Nilufar Imomqo‘ziyeva esa qora donalarda kanadalik Anais Xloya Fisel bilan qarama-qarshi keladi.

Eslatib o‘tamiz, 11-turdan iborat jahon chempionati musobaqalari 10 noyabrga qadar davom etadi. Musobaqalarda 62 ta davlatning 527 nafar shaxmatchisi qatnashmoqda.

T.Ro‘ziyev. O‘zA