Chorshanba kuni Ispaniyaning Valensiya muxtor jamiyatida kuchli yog‘ingarchilik ortidan suv toshqini yuz berdi. “El Pais” gazetasi mintaqa Favqulodda vaziyatlarni muvofiqlashtirish markaziga tayanib yozishicha, tabiiy ofat qurbonlari soni 92 kishiga yetgan.

Shuningdek, Kastiliya-La-Mancha muxtoriyati va Andalusiyada ham halok bo‘lganlar bor.

Hodisa tufayli mamlakat sharqida eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – Valensiyada yo‘l infratuzilmasi ishdan chiqqan. Shu bosi asosiy A-3 va A-7 avtomobil trassasi, o‘nlab ikkinchi darajali yo‘llarda harakat to‘xtatilgan.

Qirollikning sakkiz mintaqasi – Andalusiya, Valensiya, Aragon, Kastiliya va Leon, Kataloniya, Ekstremadura, Navarra, Seuta hamon kuchli yomg‘ir, toshqin xavfi ostida.

Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi.