2024 yil 19 oktyabrda “Ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

– Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirishga e’tibor kuchaydi, – dedi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov. – Xususan, aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshiruvchi tuzilma – Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari yalpi ichki mahsulot (YAIM)ga nisbatan 2 baravar oshib, kam ta’minlangan nafaqa oluvchi oilalar qamrovi 5 barobarga ko‘paydi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishi bilan band bo‘lganlar uchun yangi nafaqa turlari joriy etildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaning 46-moddasida har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega ekani va qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi qayd etilgan.

Shunga ko‘ra, Konstitutsiyada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi belgilangani mazkur sohani yagona yondashuv asosida isloh qilish zarurligini taqozo etdi.

Shundan kelib chiqib qabul qilingan mazkur qonun bilan  Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalarining tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash bo‘yicha vakolatlari belgilandi.

Shu bilan birga, endilikda aholiga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish masalalariga oid normativ-huquqiy hujjat loyihalari majburiy tartibda Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan kelishiladi.

Qonunga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan bog‘liq normalar ham kiritildi.

“Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasida vafot etgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi, farzandlari va boshqa qarindoshlariga yoki qonuniy vakiliga, ular bo‘lmaganda esa dafn etishni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan boshqa shaxsga dafn etish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nafaqa beriladi. Endilikda bu Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Qonunchilikka Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan kiritilayotgan da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan davlat bojidan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda ular xotin-qizlarning, bolalarning, og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar va oilalar manfaatlarini ko‘zlab sudga murojaat qilganda, davlat bojidan ozod etiladi.

“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini to‘ldirish bilan bog‘liq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonun aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, himoya mexanizmlarini takomillashtirishga zamin yaratdi. Endilikda davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlari kengaytiriladi. Jamiyatda aholiga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishda muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga nisbatan murosasizlik munosabati shakllanadi.

Shu bilan birga, qonun inson huquqlari hamda ularning qonuniy manfaatlarini ishonchli tarzda huquqiy muhofaza va himoya qilishga, huquqiy mexanizmlarni milliy qonunchiligimizda mustahkamlashga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova,  

O‘zA