O‘zbekiston Adliya vazirligiga Finlyandiya tashqi ishlar vazirligining Rossiya Federatsiyasi va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Yonas Xeyskanen boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov so‘nggi yillarda adliya va huquq sohasida O‘zbekiston – Finlyandiya munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Uchrashuvda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi ko‘magi bilan Adliya vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 2023 – 2025 yillarga mo‘ljallangan «O‘zbekistonda qonun ustuvorligini va inson huquqlari himoyasini kuchaytirish» loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar alohida ta’kidlandi.

Y.Xeyskanen O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlarni yuqori baholadi. Aholining bepul yuridik yordam bilan ta’minlangani hamda ushbu sohada faoliyat olib boradigan NNTlar faoliyatiga ko‘maklashish fuqarolarning odil sudlovga erishishida muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlashda ijobiy natija berayotgani ta’kidlandi. Tomonlar kelgusida ushbu hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanini bildirdi.

N.Abduraimova,  

O‘zA