Ushbu tanlov yurtimizda 15 maydan 15 iyunga qadar davom etadi.

Tanlov «Vikipediya» Butunjahon erkin ensiklopediyasi maqolalarini va «Vikimedia» jamg‘armasining boshqa loyihalarini illyustratsiya bilan boyitish maqsadida qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar (qo‘riqxonalar), milliy bog‘lar, xushmanzara joylar, landshaft zonalari, bog‘larning suratlarini ko‘paytirishga bag‘ishlangan bo‘lib, O‘zbekistonning ushbu tanlovda qatnashishidan maqsad — mamlakatimiz tabiatiga keng jamoatchilikning e’tiborini qaratish va ekologik turizmni rivojlantirishdir.

Bu yil tanlov ikki turkum bo‘yicha o‘tkaziladi: manzaralar (shuningdek, tabiat yodgorligi hisoblangan alohida daraxtlar) va makrotasvirlar (hayvonlar, o‘simliklar, zamburug‘lar).

Tanlovning respublika bosqichi O‘zbek tilida so‘zlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi a’zolari va rus «Vikisayohat» hamjamiyati hamkorligida, Wikimedia Foundation hamda O‘zbekiston respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi homiyligida tashkil etilmoqda.

Tanlov shartlari bilan ushbu havolaorqali tanishishingiz mumkin.

Tanlov g‘oliblari «Vikimedia» jamg‘armasi tomonidan internet do‘konlardan kerakli buyumni xarid qilish imkonini beruvchi vaucherlar va O‘zbekiston respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Ma’lumot o‘rnida, an’anaviy tanlov 2013 yildan boshlab, har yili may-iyun oylarida o‘tkazib kelinadi. Bu yil tanlovda 48 mamlakat ishtirok etishi kutilmoqda.

 

O‘zA