O‘zbekiston va Kipr TIV rahbarlari uchrashdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Kipr tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan uchrashdi.
TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kun tartibiga ikki tomonlama munosabatni har tomonlama rivojlantirish, hamkorlikning huquqiy asosini mustahkamlash, parlamentlar o‘rtasidagi do‘stona aloqani qo‘llab-quvvatlash kabi ko‘plab masalalar kiritildi.

Iqtisodiy diplomatiyani izchil rivojlantirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Diplomatik pasport egalarini viza talabidan ozod qilish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolandi.
Eslatib o‘tamiz, B.Saidov 2023 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida ham janob Kombos bilan muzokara o‘tkazgan. O‘shanda O‘zbekiston – Kipr munosabatlaridagi mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuv o‘tkazish va parlamentlararo muloqotni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.