Mamlakatimizning yetakchi rasmiy axborot manbasi – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi dunyoning nufuzli OAV bilan hamkorlik o‘rnatishga alohida e’tibor qaratib keladi.
Bugungi kunda turli mintaqalarning ko‘zga ko‘ringan nashrlari bilan yo‘lga qo‘yilgan izchil hamkorlik samarasi o‘laroq, yaqinda Birlashgan Qirollikning “The London Post” yangiliklar portalida O‘zA muxbiri O‘tkir Alimovning “Sun’iy intellekt: insoniyat uchun tahdidmi yoki imkoniyat?” sarlavhali tahliliy maqolasi e’lon qilindi.
Muallif qayd etishicha, “…har qanday intellektual muammolarni hal qilishga qodir sun’iy idrok insoniyatga ko‘makchi bo‘lishi barobarida, muayyan tahdid solishi ham mumkin, degan xavotirli farazlarni vujudga keltirmoqda. Hatto, kelajakda shunday holat yuzaga kelishi mumkinki, o‘ta aqlli mashina o‘zini boshqarishga uringan odamga qarshi chiqa oladi. Agar vaqtida sivilizatsiyani nazorat qilmasak, o‘zimiz uchun javob berish huquqidan mahrum bo‘lib qolishimiz ehtimoli mavjud. Ba’zan “super miya” orqali “fake” (soxta) yangilik yoki noto‘g‘ri kontent yuzaga kelmoqdaki, natijada plagiat muammosi yechimsiz qolmoqda. Aytish mumkinki, “sun’iy ong” faktni tekshiruvchi emas, balki yig‘uvchidir”.
Londondagi hamkasblarimiz ham ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqa rivojlanishida ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhimligini e’tirof etmoqda.
Ushbu yetakchi nashrning xalqaro aloqalar bo‘yicha maxsus muxbiri Raza Saidning OAV sohasidagi hamkorlik istiqboli tahliliga bag‘ishlangan maqolasini tez kunda uza.uz saytida o‘qishingiz mumkin.
Zero, bugungi globallashuv davrida tezkor va haqqoniy axborot almashinuvi, umumiy tajriba va malaka oshirish mamlakatlar o‘rtasida hamjihatlikni, o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun qulay imkoniyatdir.
O‘zA