Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev bir qator tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda dastlab so‘nggi yillari yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada faqat Qoraqalpog‘iston uchun qabul qilingan farmon va qarorlar asosida biznes muhitini yaxshilash, investitsiya jozibadorligini oshirish bo‘yicha o‘zgarishlar ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash borasida Tadbirkorlar kengashini tuzish taklifi bir ovozdan ma’qullandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Joldasbay Yesmurzayev kengash raisi etib saylandi.

Tashkil etilgan kengashning maqsadi tadbirkorlar bilan yaqindan muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqish, muammolarga birgalikda yechim topish, yoshlarning va tashabbuskor tadbirkorlarning Start-up loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, tayyor loyihalarga investorlarni jalb qilish va ular uchun istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish, biznes turizmini yo‘lga qo‘yish kabi vazifalardan iborat. Albatta, yangi kengashning tuzilishi tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va uning rivojiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida ahamiyatli qadamlarning biri bo‘lishi aniq.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri