Nukusda o‘tayotgan “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivalining estrada yo‘nalishida super finalchilar ma’lum bo‘ldi.
Unda 10-15, 16-22 hamda 23-30 yosh toifalarida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan eng iqtidorli 41 nafar yosh ishtirok etmoqda. Hakamlar hay’ati a’zolari ularning har birining mahorati, ijrosi va ovoz imkoniyatlarini baholab bormoqda. Ishtirokchilar orasidan g‘olibni aniqlash ancha murakkab kechmoqda. Chunki ularning barchasi iqtidorli, o‘z hududida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlardan.
– “Yoshlar ovozi” festivali men uchun haqiqiy tajriba maktabi bo‘ldi, – deydi Buxoro viloyatidan tanlov ishtirokchisi Jasurbek Jo‘rabekov. – Chunki ustozlarimizning maslahati bilan sahnada turib, qanday ishlash kerakligi bo‘yicha ko‘p narsalarni o‘rgandik. Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati institutini tamomlab, kelajakda zamonaviy va milliy estradamizni jahon sahnalariga olib chiqmoqchiman. Bu borada mazkur festival katta ahamiyat kasb etmoqda.
– Festivalda 10-15 yosh toifasida ishtirok etib, super finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritganimdan mamnunman, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tanlov ishtirokchisi Asemay Urakova. – Nukus shahridagi 22-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida estrada vokal yo‘nalishida tahsil olyapman. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman.
“Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostidagi tanlovda bugun super final ishtirokchilari o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari