“O‘zAdagi fikrlar: iqtisodiyot va ta’lim islohotlari” nomli tahlil va takliflar to‘plami chop etildi

515

Turli masalalarda tahlil va takliflarni ilgari suradigan olimlar, ekspert yoki boshqa soha vakillari yaxshi anglaydiki, har bir mulohaza yurt kelajagi, yosh avlod taqdiri uchun musaffo chashma vazifasini o‘taydi. Bugungi kunda o‘nlab tillarda dunyoga o‘z so‘zi bilan chiqayotgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi mamlakatimiz ekspertlari salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etib borishda baholi qudrat harakat qilmoqda.

Bu esa jahon ahlining Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishlari va ijobiy yondashuvlarini shakllantirishda muhim qadamdir. Yurtimizning taniqli olimlari, turli soha tadqiqotchilarining bugungi islohotlarga munosabatlari O‘zAda yoritilgach, to‘plam shaklida nashr etilayotgani va bu o‘ziga xos manba vazifasini bajarayotgani quvonarlidir.

Mazkur jarayonda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, professor Qo‘ng‘irotboy Sharipovning iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar hamda oliy ta’limni shakllantirishdagi tahlillari o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Uning O‘zA orqali muntazam aniq dalillar, ilg‘or tashabbuslar bilan keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilayotgan tahlillari bugun kitob holida chop etildi. “O‘zAdagi fikrlar: iqtisodiyot va ta’lim islohotlari” deb nomlangan mazkur kitobda zamon va makon nuqtai nazaridan samarali tadqiqotlar natijalari jamlangan.

Kitobda ijtimoiy davlat islohotlarida fuqarolar, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan ta’minlashning ahamiyati, muhandis mutaxassislarning sanoat ishlab chiqarish tarmoqlari, zamonaviy iqtisodiyot rivojishiga qo‘shadigan hissasi kabi dolzarb mavzularga alohida yondashilgan.

Bundan tashqari, 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston – Xitoy munosabatlarining yangi davrida strategik sheriklikni rivojlantirish istiqbollari, yurtimiz turizm sohasi bilan bog‘liq faoliyatning eng muhim iqtisodiy xususiyatlari hamda qishloq xo‘jaligi va agrar sohaning taraqqiyoti, suv va suv resurslarini oqilona boshqarish kabi ko‘p qirrali sohalarning mazmun-mohiyati ochib berilgan.

O‘zbekiston o‘zining barcha ulkan dasturlari orqali atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, yashil iqtisodiyotga o‘tish kabi xalqaro loyihalarda o‘z tashabbusi bilan faollik ko‘rsatmoqda. Jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti va BMT minbarlarida uzoqni ko‘zlagan holda ish olib bormoqda.

E’tiborli jihat – yurtimizda tashkil etilgan xalqaro forumlarda dunyo olimlari tomonidan turli mavzudagi ma’ruzalar tayyorlanadi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlarni o‘zida mujassam etgan ushbu to‘plamda xalqaro ekspertlarning tahlillari hamda faktlarga tayanilgan.

Muxtasar aytganda, yurtimizdagi turli sohalar rivoji yo‘lida olib borilayotgan ishlar xususidagi tahlillar jamlangan ushbu to‘plam olimlar, soha mutaxassislari uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA