6 sentyabr – Xalqaro kurash kuni

Qadriyatlar oftobga o‘xshaydi. Uning ziyosidan olam munavvarlikka burkanadi. Unga talpingan, ohanrabosiga oshufta bo‘lganlarning yo‘llari hamisha yorug‘ bo‘ladi. Zotan, ulug‘ bobokalonlarimizning ma’naviy sarchashmalaridan bahramandlik ham quyoshning mehru-muhabbati kabi tuganmas xazinadir.

Kurash ham xalqimiz tarixi, ota-bobolarimizdan meros qadriyatlarning bir qismi hisoblanadi. Bugun, 6 sentyabr – Xalqaro kurash kuni. Kurash – zamonaviy sport turi sifatida e’tirof etilgan kun.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori bilan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi tashkil topgan kun — 6 sentyabrni Xalqaro kurash kuni sifatida keng nishonlash belgilangan.

Asrlar davomida xalqimizning eng ommaviy milliy o‘yinlari qatorida e’zozlab kelingan kurash 3 yarim – 4 ming yillik tarixga ega. Qadimda faqatgina an’anaviy marosim va bayramlarda milliy o‘yin shaklida mavjud bo‘lgan, ammo muayyan sport turi sifatida e’tirof etilmagan. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng kurashni alohida sport turiga aylantirish va uni xalqaro maydonda rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yakkakurash turlari tahlili, milliy qadriyatlarimizning mohiyati, shakllanish tamoyillarini o‘rganish, mutaxassislar bilan maslahatlar natijasida dzyudo va sambo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, xalqaro turnirlar g‘olibi Komil Yusupov xalqaro sport talablariga javob beradigan Kurashning zamonaviy sport qonun-qoidalarini ishlab chiqdi. Uning libosi, vazn toifalari, musobaqalarni tashkil etish tizimi yaratildi. Bu qoidalar 1991 yilning 17 sentyabrida “Sport” gazetasida “O‘z tilimiz, o‘z kurashimiz bor” nomli maqola ostida chop etildi.

1991 — 1998 yillar mobaynida Osiyo, Yevropa, Amerika, Afrika qit’alarining qator davlatlarida kurashni xalqaro sportga aylantirish maqsadida uning qonun-qoidalari targ‘ib qilindi. 1998 yil 6 sentyabr kuni Toshkentda dunyoning 28 davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ta’sis kongressida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ga asos solindi.

1999 yildan shu kungacha O‘zbekiston, Turkiya, Vengriya, Armaniston, Mo‘g‘uliston, Fransiya, Angliya, Germaniya, Ruminiya, Ukraina, Eron, Rossiya, Dominikan Respublikasi, Hindiston kabi yuzlab mamlakatlarda chempionatlar, xalqaro turnirlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu, dunyoda Vatanimizning ulug‘lanishiga, milliy qadriyatlarimizning qadrlanishiga xizmat qilmoqda. Eng asosiysi, kurash orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik, birdamlik, tinchlik g‘oyalari targ‘ib qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘z sport turini Olimpiada o‘yinlarida ko‘rishni istamagan xalq, mamlakat bo‘lmasa kerak. Xitoyliklar u-shuni, tailandliklar muay-tayni, yaponlar karateni, rossiyaliklar samboni jahon sporti cho‘qqisida bo‘lishini orzu qilganidek, kurashni yozgi Olimpiya o‘yinlariga kiritish xalqimizning buyuk orzusi.

Osiyo o‘yinlari sahnasiga kurash 2002 yili ko‘tarildi. Shu yili Pusanda o‘tgan yozgi Osiyo o‘yinlarida ko‘rgazmali chiqish amalga oshirildi. 2003 yili OOK Nizomining 59-bandiga o‘zgartirish kiritilib, kurash Osiyo sporti, deya e’tirof etildi. 2006 yilning dekabr oyida Qatarning Doha shahridagi yozgi Osiyo o‘yinlarida, 2007 yil noyabrda Makaodagi yopiq inshootlardagi 2-Osiyo o‘yinlarida, 2009 yili Vetnamning Xanoy shahrida o‘tgan yopiq inshootlardagi 3-Osiyo o‘yinlari va Tailandda yakkakurashlar bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida kurash musobaqalari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning kurash milliy sport turini yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi bir qator qarorlari e’lon qilindi. Ushbu tarixiy hujjatlar va e’tibor mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollik timsoli sifatida e’zozlanib kelingan milliy sportimizni yanada rivojlantirishga muhim omil bo‘lmoqda. Davlatimizning bevosita qo‘llab-quvvatlashi natijasida «Kurash», «halol», «ta’zim», «to‘xta», «yonbosh» kabi sof o‘zbekona so‘zlar xalqaro sport terminlari lug‘atidan o‘rin egalladi.

2017 yil 20 sentyabrda Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashining 36-Bosh assambleyasida Kurash XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi.

Milliy g‘ururimiz bo‘lgan kurash bo‘yicha o‘nlab mamlakatlarda o‘tkazilayotgan musobaqalarda ishtirok etayotgan dunyo yoshlari sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘layotgani O‘zbekiston jahon hamjamiyatiga nodir bir xazina tuhfa etganidan dalolatdir. Tili, e’tiqodi boshqa-boshqa bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan sport libosida mamlakat, qit’a, jahon chempionligiga erishayotgani buning yorqin timsolidir.

T.Ro‘ziyev, Muhammad Amin (surat)

O‘zA