«Abdullajon», «Kichkina tabib», «Bomba», «Oyijon», «Qo‘rg‘oshin», «Vatan», «Osmondagi bolalar»… Taniqli rejissyor, ssenariynavis, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Zulfiqor Musoqovning shu va boshqa filmlari nihoyatda ta’sirchan va hayotiydir. Tomoshabin ularda balandparvoz, soxta epizodlar, hashamatli uylar, boylikka ruju qo‘yilgan hayotni uchratmaydi.
Zulfiqor Jalolovichning kartinalari o‘zi singari samimiy. Qolaversa, bu filmlar hayotni boricha, yolg‘onlardan xoli aks ettirgani uchun ham qadrlidir. Aynan shu tufayli Zulfiqor Musoqovning kinofilmlari yurtimizda ham, xorijda ham katta shuhrat qozongan. Rejissyorning ko‘plab filmlari Fransiya, Chexiya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa xorijiy mamlakatlardagi nufuzli kinofestivallarda Gran-priga sazovor bo‘lgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 26 avgustdagi “O‘zekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Zulfiqor Musoqov «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Kino ixlosmandlari uchun quvonchli bo‘lgan bu voqea munosabati bilan O‘zA muxbiri o‘zbek kino san’ati darg‘asi bilan suhbat uyushtirdi.
– Zulfiqor Jalolovich, kino san’atiga qanday kirib kelgansiz?
– Maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq kino san’atiga astoydil qiziqib, unga “oshiq” bo‘lib qolganman. Men Toshkentning eski shahar qismida, “Qorasaroy” mahallasida katta bo‘lganman. Maktabimiz esa «Qumloq» mahallasida edi. Bir kuni «Chuvalachi» mahallasining yonidagi ko‘chada kino olishayotganini ko‘rib qoldim. Assistent, ya’ni rejissyor yordamchisi yonimga kelib: «Bolakay, kinoda suratga tushishni xohlaysanmi?», – deb so‘radi.
Egnimga eski fufayka kiydirishdi va men kameradan 150 metr masofada yugurib o‘tdim. Keyin bir hafta o‘sha filmning suratga olish jarayoniga qatnab yurdim. Ana shu voqeadan so‘ng menda kinoga qiziqish paydo bo‘ldi. Yillar o‘tib, bu Aleksey Germanning «Urushsiz yigirma kun» nomli buyuk kartinasi ekanini bildim.
Keyin hammasi birin-ketin boshlanib ketdi. Dastlab A.N. Ostrovskiy nomidagi sobiq Toshkent teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik fakultetiga o‘qishga kirdim. Keyinroq Moskvadagi Ssenariychilar va rejissyorlar oliy kursida o‘qishni davom ettirdim.
– Filmlaringiz uchun mavzularni qanday tanlaysiz?
– Bu savolga nima deb javob berishni ham bilmayman. Mavzularni hayotning o‘zi aytib, ko‘rsatib, tanlab beradi.
– Filmlaringizga aktyorlarni tanlashda biron bir mezonlar bormi?
– Aktyorlarni ikkita mezon asosida saralab olaman: yuksak professionalizm va insoniy fazilatlar.
– Zulfiqor Jalolovich, kuni kecha «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandingiz. O‘sha onlarda ko‘nglingizdan qanday tuyg‘ular kechdi? Shular bilan o‘rtoqlashsangiz.
– 26 avgust kuni kechqurun do‘stlarim qo‘ng‘iroq qilib, meni tabrikladi. “Nima munosabati bilan?” deb so‘radim. Ular quvonchli xabarni yetkazishdi. Umr bo‘yi o‘z ishini bajargan insonlarning kamtarona mehnatining bunday yuksak e’tirofga loyiq topilishi yoqimli, albatta. Ushbu mukofot, haqli ravishda, avvalo, men 17 yoshimda ilk marotoba ostonasidan xatlab o‘tgan qadrdon «O‘zbekfilm» studiyasining katta jamoasiga tegishli deb hisoblayman.
Hozir 65 yoshdaman. Butun hayotim odatiy tarzda kechmoqda – uy-ish. 1987 yildan boshlab ushbu kinostudiyada filmlar suratgan olganman. Mamlakatimiz Bosh vaziri A.Aripovning sa’y-harakatlari tufayli bugun studiyamiz kapital ta’mirdan chiqdi va hozirda eng yuksak talablarga javob beradi. A.Aripovning shaxsan o‘zlari har shanba kuni qurilish maydonchasiga va studiyaning sobiq direktori Fotix Jalolovning yonlariga kelardi. Men faqat bir narsani – qadrdon studiyamda ko‘proq film suratga olishinishi xohlayman. Studiya hatto 90-yillarda ham filmlar olishdan to‘xtamagan.
Istiqlol yillarida, ya’ni 1991 yildan to bugungi kunga qadar studiyada 50 dan ortiq badiiy film suratga olindi. Bunga o‘zim guvohman. Studiya jamoasi hatto tomdan chakki o‘tayotganiga qaramay, mehnat qildi. Studiya o‘z maydonini sexlarga ijaraga berishga majbur bo‘lgan kezlar ham bo‘ldi. Bir paytlar u yerda sovun, eshiklar, hatto, tobutlar ham ishlab chiqarilardi… Biroq bu ishlar aktyorlarga oylik berish uchun qilingan edi. Bu sexlar yonida esa biz film suratga olardik… Bugun esa studiyamiz yiliga bemalol 10 tagacha badiiy filmni suratga olish imkoniga ega. O‘zim uchun hech qachon, hech narsa so‘ramaganman. Shunchaki butun hayotim o‘tgan va men uchun muqaddas bo‘lgan maskan haqida qayg‘uraman. Ma’zur tutasiz, jo‘shqin va balandparvoz gaplarni gapirolmayman. Lekin aytganlarimning barchasi haqiqat!
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.