Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etish va monitoring qilishning mutlaqo yangi, ta’sirchan tizimi yaratilib, ushbu sohada Adliya vazirligiga qo‘shimcha vakolatlar berilganligiga 2,5 yil bo‘ldi.
O‘tgan vaqt davomida qanday ishlar amalga oshirildi? Bu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
— Adliya vazirligi tomonidan qonunlar, Prezident farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilish, mas’ul davlat organlariga ijroni ta’minlashda uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qilish uchun yaratilgan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida bugungi kun holatiga jami 3 ming 631 hujjatdagi 107 mingdan ortiq topshiriq nazoratga olingan bo‘lib, ularning 79 mingdan ortig‘i bajarilgan. Qariyb 28 mingta topshiriq ijro etilmoqda.
Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi sifati, tezkorligi va natijadorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va boshqa davlat boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajadagi hokimliklar tomonidan ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha qator yangi mexanizmlar joriy etildi.
Jumladan, joriy yilning aprel oyidan boshlab barcha boshqaruv organlari va hokimliklarda Prezidentning nazorat topshiriqlari ijrosini ta’minlashning “kunbay” kalendar jadvali har oyda tasdiqlanmoqda.
Joriy yil may oyidan boshlab vazirliklar va hokimliklar nazorat bo‘linmalarining rahbarlari hamda mutaxassislari uch kunlik stajirovkadan o‘tmoqda. Rahbarlar va mutaxassislarning umumiy soni joriy yilda 415 kishini tashkil qiladi, ularning 279 nafari stajirokani yakunladi.
Vazirlar Mahkamasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlarining hamda kotibiyat mudirlarining hisobotlari har oyda ikki marta eshitilmoqda.
Vazirlar va boshqa boshqaruv organlari rahbarlarining o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasida muntazam hisobot berib kelmoqda.
Joriy etilgan ushbu yangi mexanizmlar va Adliya vazirligi kiritgan amaliy shakllar ijobiy natija bermoqda. O‘z vaqtida bajarilmagan topshiriqlar soni kamaydi. Ijro muddati hali yetib kelmagan, jumladan, ijrosi yil yakuniga qadar belgilangan topshiriqlardan 395 tasi barvaqt bajarildi.
Joriy yil iyul oyi yakunlari bo‘yicha monitoring qilinayotgan 111 boshqaruv organi va hokimliklarning 70 foizida muddati o‘tgan birorta topshiriq mavjud emas.
N.Abduraimova, O‘zA