O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi bosh direktorining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hadiya Abdullayevaning ma’lum qilishicha, bir fuqaro nomidagi ikkala plastik kartasini bitta mobil ilovaga kiritgan. Keyin ijtimoiy tarmoqlardagi onlayn savdolarning biriga kirib, o‘sha yerda o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini qoldirgan. Natijada, firibgarlar telefonidagi mobil ilova orqali kirib, unga ulangan ikkala plastikdan ham pul yechib olgan.
Afsuski, oxirgi paytda plastik kartadan pul yechish holatlari ko‘p uchramoqda. Ushbu mavzuga doir murojaatlar o‘rganilganda fuqarolarimiz o‘zlari bilmagan holda firibgarlarga imkoniyat yaratib berayotganlariga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Masalan, yana bir murojaatda fuqaro o‘zi o‘stirayotgan gulini sotish uchun internetga e’lon beradi. Ko‘p o‘tmay unga qo‘ng‘iroq bo‘lib, gulini sotib olmoqchiligi, faqat plastik karta orqali to‘lovni amalga oshirishni taklif etgan, sotuvchi fuqaro rozi bo‘ladi. Keyin telefondagi odam safarga ketayotgani uchun pulni hozir yuborishini, gulni esa ertaga olib ketishlarini aytadi. Shuningdek, 400 ming so‘mga baholangan gul uchun juda yoqqanligi sababli, 420 ming so‘m to‘lashini aytadi. Bu holatda fuqaro esa soddalik qilib plastik karta raqamini va hatto parolini beradi. Shu kuni kechqurunni o‘zida uning plastik kartasidagi barcha pullar yechib olingan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, plastik kartalardan noqonuniy pul yechish holatlari asosan ish kunlari kechki 18:00 lardan keyin yoki dam olish kunlari sodir bo‘lmoqda. Ya’ni, firibgarlar bu bilan vaqtdan ko‘proq yutish, fuqarolarni chalg‘itishni ko‘zlashadi.
Firibgarlik holatlarni bartaraf etish hamda shuningdek, onlayn kreditlar olishdagi soxta xabarlarga aldanmaslik uchun ham doim tijorat banklarning faqat rasmiy sahifalariga murojaat etish kerak.
Agar siz plastik kartangizni yo‘qotib qo‘ysangiz yoki kimgadir bilmasdan shaxsiy ma’lumotlaringizni taqdim etgan bo‘lsangiz birinchi navbatda plastik kartangizni ta’qiqqa qo‘yishingiz kerak. Buni oddiygina telefoningizdagi mobil ilovalar orqali ham amalga oshirishingiz mumkin. Chunki bankka qo‘ng‘iroq qilganda ham yoki plastik karta olingan bankka borish uchun ham vaqt ketadi. Mobil ilova orqali taqiqlaganingizdan keyingina bankka murojaat etib, keyingi jarayonga kirishsangiz bo‘ladi.
O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi tomonidan bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida 2023 yilning avgust oyida ochiq muloqotlar tashkil etilib, tushuntirishlar berildi. Toshkent shahridagi mahallalarda Kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda plastik kartalardan noqonuniy pul yechilishini oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazildi.
Joylardagi ochiq muloqotlarda aholining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadda murojaatlarda uchrayotgan aniq misollar orqali tushuntirishlar berildi. Shuningdek, mahalla faollarining mavzuga doir takliflari ham tinglandi va o‘rganib chiqilishi aytib o‘tildi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, firibgarlardan ehtiyot bo‘ling. Ijtimoiy tarmoqdagi turli havola(ssilka)larga kirmang, mo‘may daromad qilish kabi har xil targ‘ibotlarga aralashmang. Hech kimga o‘zingizga tegishli ma’lumotlaringizni bermang
Sh.Mamaturopova, O‘zA