Nukusda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, o‘zgarish va yangilanishlar, ayniqsa, xotin-qizlarning barcha sohalarda faol ishtirok etayotganligi, xususan, tadbirkorlik, ishbilarmonlik va fermerlik sohasida ulkan natijalarga erishayotganligi, yangi ish o‘rinlarini yaratishda o‘z hissalarini qo‘shayotganligi alohida e’tirof etildi.
Bu yilgi ko‘rik-tanlovda shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar ishtirokchi o‘zaro bahslashdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchining ish faoliyati, bilim tajribasi, eksport-import salohiyati, mahsulotlari xaridorgirligi, yaratilgan ish o‘rinlari, huquqiy savodxonligi, jamoat ishlaridagi faolligi xolis baholandi.
Birinchi o‘ringa Nukus shahridan Zamira Xojametova munosib deb topildi. Ikkinchi o‘rinni Kegeyli tumanidan Sarbinaz Ataniyazova, uchinchi o‘rinni To‘rtko‘l tumanidan yakka tadbirkor Bibigul Xidirova qo‘lga kiritdi.
G‘oliblarga diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA