Ko‘p yillik kuzatishlardan ma’lumki, O‘zbekiston hududida sel kelish ehtimoli aprel-iyun oylarida faollashadi. Ammo, yog‘ingarchilik holatiga qarab yilning to‘rt faslida ham sel kelish xavfi yuqori bo‘ladi.

Sel katta miqdorda tog‘ toshlari, qum va tuproq jinslari bilan birgalikda tog‘dan oqib tushuvchi suv oqimi bo‘lib, muntazam jala quyishi, tog‘ qorlarining erishi, tog‘ suv havzalari, suv omborlari, muzlagan suv havzalari qirg‘oqlarining o‘pirilib ketishi va boshqa sabablar natijasida yuzaga keladi.

Mutaxassislarning fikricha, sel oqimlaridan faqat qochib qutilish mumkin. Jumladan, sel xavfi to‘g‘risida habar eshitgandan so‘ng darhol xavfsiz joyga ko‘chish harakatlarini qilish kerak. Oqimdan xalos bo‘lishning iloji bo‘lmasa, balandroq tepalik ustiga, daraxtga yoki biror baland moslamalar ustiga chiqish lozim. Odatda sel 3-5 soat davom etishi mumkin.

Sel oqimi o‘tgandan so‘ng devor va ustunlarning holatini, gaz, elektr va suv ta’minotining sozligini tekshirish zarur.

Katta hajm va yuqori tezlikka ega bo‘lgan sel oqimi yo‘lidagi barcha binolarni, aholi yashaydigan uylarni, gidrotexnik inshootlarni buzib, qishloq xo‘jalik ekinlarini, bog‘larni payxon qiladi. Odamlar va hayvonlarni nobud qiladi.

Mamlakatimizdagi barcha tog‘ va tog‘ oldi hududlar sel xavfi bo‘lgan zonalarga kiritilgan. Respublikamizning Namangan, Farg‘ona, Surxondaryo, Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlari suv toshqini – sel xavfi mavjud hududlardan hisoblanadi.

Sel oqimi vujudga kelishi asosan aprel va may oylariga to‘g‘ri keladi. Sababi bu davrda tog‘ va tog‘ oldi hududlarda ko‘p yomg‘ir yog‘ishi kuzatilgan.

Mutaxassislarning tavsiyasiga ko‘ra, sel xavfi bo‘lgan hududlarda  yashovchi har bir kishi uning uyi, xo‘jaligini sel kelish hududida joylashganligi haqidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. “O‘zgidromet”, FVV/FVB, hokimiyatlar vakillari tomonidan berilgan ko‘rsatmalardagi sel va suv toshqinidan himoya qilish yo‘l-yo‘riqlariga amal qilishi lozim.

Sel oqimining o‘tishi va uning oqibatlari katta moddiy zarar keltirib, odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin.

Yurtimizda sel oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha “O‘zgidromet”, FVV/FVB vakillari tomonidan aholi o‘rtasida ko‘plab tushuntirish ishlari olib boriladi.

Xususan, doimo sel-suv toshqini ro‘y berishi ehtimoli bo‘lgan hududlarda joylashgan uy-joylar va boshqa ob’ektlar ro‘yxati aniqlanadi va aholi hamda ob’ektlarni muhofaza qilish uchun o‘tkaziladigan tadbirlarning yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatilgan tegishli tavsiyanomalar tarqatiladi.

Sel oqimi xavfi bo‘lgan joylarda ishlab chiqarish muassasalari va uylarni, ishonchli muhofaza inshootlari bo‘lmagan va “O‘zgidromet” bilan kelishilmagan holda, qurish qat’iyan man etiladi. Sel xavfi yuzaga kelganda kuzatuv va xabar berish xizmati tashkil etiladi.

Jumladan, bu borada yonbag‘irlarda yerga ko‘ndalangiga ishlov berish, tog‘ yonbag‘irlarini pog‘ona-pog‘ona qilish, tog‘ adirlarida suv yo‘llari ochish, yer haydalib ekiladigan ekinlarni ekishga yo‘l qo‘ymaslik, yemirilishga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, daryo o‘zanlari, tog‘ adirlarida o‘rmonchilikni tashkil etish va ularni saqlash kabi agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA