Axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani sari ulardan g‘araz niyatda foydalanuvchilar ham ortib, turli huquqbuzarliklar, jinoyatlar sodir etish holatlari ko‘payib bormoqda.
— Bank hisobidagi yoki kartasidagi pullarni o‘g‘irlash kabi holatlarga nisbatan javobgarlik belgilanmagani bunday qilmishlar takror sodir etilishiga sharoit yaratmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyeva. — Shuningdek, axborotni nooshkora to‘plashga mo‘ljallangan maxsus vositalarning zamonaviy turlari mamlakatimizga erkin tarzda kirib kelishi va savdosi jadallashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinayotganligi sababli iste’molchilar qamrovi kengayib bormoqda. Ushbu maxsus vositalardan foydalanishning qonuniy tartibi belgilanmagani g‘araz niyatdagi shaxslar tomonidan sir hisoblanadigan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda unda to‘plash hamda ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanishga sharoit yaratmoqda.
Shu bois “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, yuqoridagi kabi holatlar bilan bog‘liq ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishga huquqiy asos yaratadi. Bundan tashqari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik belgilanishi va yuzaga kelayotgan boshqa noqonuniy holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
M.Komilova, O‘zA