31 avgust kuni uzoq kutilgan voqea – Respublika bolalar kutubxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirida bunyod etilgan va XX asr boshlarida qo‘qonlik paxta savdogarlari aka-uka Vadyayevlarga tegishli bo‘lgan. O‘tgan asrning 60-yillarida Vadyayevlar uyining kutubxona binosiga sobiq Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining o‘smirlarga xizmat  ko‘rsatish bo‘limi ko‘chiriladi. Keyinchalik bino to‘liqligicha Respublika bolalar kutubxonasi ixtiyoriga o‘tkaziladi. Buni Toshkent aholisi yaxshi eslaydi.

Kutubxonaning kitob fondi 1965 yildan boshlab shakllantirilgan va 200 ming jildni tashkil etgan. Bu yerda olib borilgan restavratsiya ishlari davomida fond yana 21 mingta kitob bilan to‘ldirildi. Ilm-fan, san’at va arxitekturaga oid  kitoblarni yig‘ishga alohida e’tibor qaratilgan, deb xabar beradi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi  Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining Telegram-kanali.

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA