Bugungi kunda mamlakatimizda, xususan Toshkent shahrida ulush kiritish asosidagi uy-joy qurilishlari rivojlangan. Ularning aksari aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qilayotgan bo‘lsa, fuqarolar ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan ularning pulini olishni maqsad qilganlar ham yo‘q emas.
Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz yangi uy-joy olayotganda hali poydevori quyilmagan uylarga oldindan to‘lov qiladi. Tabiiyki, fundamenti yo‘q uyning kadastr hujjatlari ham bo‘lmaydi. Ya’ni, mulkka kadastr hujjati rasmiylashtirilmaguncha uni tasarruf qilib bo‘lmaydi.
Ba’zi firmalarning uy-joy oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma bandlarini o‘qib, taajjublanasiz. Masalan, firma mavjud binoni garovga qo‘ygan taqdirda fuqaroning roziligini olish shart emasligi kabi bandlar kishini hayratlantiradi. Bu agarda bino to‘liq bitsa, firma binoni garovga berishi mumkin deganimi? Mana shunday jarayonda fuqarolar bir tomonlama quruvchi tomonidan bekor qilinishini anglatuvchi shartnoma shartlariga mutlaqo rozi bo‘lmasligi kerak. Shartnoma faqat sud tomonidan bekor qilinishi haqidagi bandlarni talab qilishi kerak.
Qurilishi hali bitmagan yoki umuman boshlanmagan uylardan uy sotib olishda aldanib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak? Mavzu yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Elyor Komilov bilan suhbatlashamiz.
– Fuqarolar yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan sotib olayotganda nimalarga e’tibor berishi kerak?
– O‘zbekistonda ulush kiritish asosidagi uy-joy qurilishlari ko‘payib boryapti. Bu borada xaridorlar bilishi kerak bo‘lgan ayrim nozik jihatlar bor. Uy sotib olayotgan fuqaro uyni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganini tekshirishi kerak. Buning uchun fuqaro https://mc.uz/ulushdor/ havolasi orqali qurilayotgan uyning ro‘yxatdan o‘tganini tekshirishi lozim. Bu havola orqali hamma uchun ochiq bo‘lgan majmua va quruvchi tashkilot nomi, manzili hamda boshqa ma’lumotlarni olishi mumkin.
– Qurilish tashkilotlari qay tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi?
– Qurilish tashkiloti qurilayotgan uyning ma’lumotlarini elektron tartibda platformaga yuklaydi. Vakolatli organning mas’ul xodimi ma’lumotlarni ko‘rib chiqadi hamda 3 ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazadi. Agar barcha hujjatlari to‘liq bo‘lsa, bir kunda ko‘rib chiqilib, ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni mavjud.
Bunda quruvchining qarorda belgilangan tartibda qurilishni boshlashiga asos bo‘luvchi va beshta talabga javob berishi kerak bo‘lgan hujjatlari joylashtiriladi. Ushbu qarorga asosan tashkil etilgan elektron platforma ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish bozorini tartibga solish, uy xarid qilayotgan fuqarolarni maksimal darajada har xil firibgarliklardan himoyalash maqsadida ishga tushirilgan. Ro‘yxatdan o‘tgan qurilish tashkilotlari yuqorida ko‘rsatilgan talablarga asosan qurilish jarayonini olib borayotgan bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash joiz, fuqarolar mablag‘larini qurilish ishlariga jalb qilayotgan qurilish tashkilotlari elektron platforma ro‘yxatidan o‘tishi zarur. Ro‘yxatdan o‘tmasdan turib qurilish ishlariga fuqarolarning mablag‘larini jalb qilish mumkin emas. Elektron platformadan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish tashkilotlari, o‘zlari qurayotgan ko‘p qavatli turar-joy majmuasini reklama qilishi hamda ulushdorning mablag‘larini qurilishga jalb qilishi mumkin emas.
Yana bir ma’lumot: qurilish ishlari tugallangan uylar egalariga topshirilgandan keyin kamida 2 yil davomida qurilish ob’ekti ekspluatatsiyasining kafolat muddatini amalga oshirib borishi lozim.
Ulushdor fuqarolar qurilish ob’ektidagi qurilish ishlari holati bilan tanishishga, shartnoma shartlari bajarilishi bo‘yicha quruvchidan yozma shaklda ma’lumot talab qilishga haqli. Bundan tashqari, qurilish ob’ektlarini qurish ustidan texnik, shuningdek, mablag‘larning maqsadli ishlatilishi ustidan nazoratni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yuridik shaxslarni yoki mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshirishga haqli.
Qurilish ustidan davlat nazorati Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirib boriladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA