26-27 avgust kunlari O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonda bo‘ldi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, safar davomida Afg‘oniston transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri vazifasini bajaruvchi Mullo Hamidullo Oxunzoda bilan “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” avtomobil yo‘li bo‘ylab ekspeditsiya amalga oshirilgan. Kuzatuv jarayonida Kobul shahrini mamlakat shimoli, xususan, Mozori-Sharif bilan bog‘lovchi “Salang” dovoni hamda Pokiston chegarasidagi “Torxam” o‘tish manzilidagi vaziyat o‘rganildi.
Ikki tomonlama muzokarada Afg‘oniston va Pokiston orqali Hind okeani portlariga chiqish uchun xalqaro transport yo‘lagini shakllantirish, transport-logistika korxonalari hamkorligini kuchaytirish, xalqaro avtomobil tashuvchilarga qulay shart-sharoit yaratish, jumladan, Afg‘oniston hududi bo‘ylab tranzitga va boshqa manzillarga yuk tashishga qo‘yilgan cheklovni olib tashlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tranzit yuk tashuvini rivojlantirish uchun bor imkoniyatni safarbar qilishga kelishib oldi.
O‘zA