Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartish kiritildi.
Hujjatga ko‘ra:
2023 yil 1 sentyabrdan e’tiboran bank ustav kapitalining eng kam miqdori ikki yuz milliard so‘m;
2024 yil 1 apreldan e’tiboran — uch yuz ellik milliard so‘m,
2025 yil 1 yanvardan e’tiboran — besh yuz milliard so‘m bo‘lishi kerak.
Shuningdek, «imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor qilish hamda moliyaviy operatsiyalarni o‘tkazish chog‘ida axborot taqdim etish nazarda tutilmaydigan davlatda yoki hududda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar va shunday davlatda yoki hududda yashaydigan jismoniy shaxslar bankning muassislari va aksiyadorlari bo‘lishi mumkin emas (bundan chet el fond bozorlarida bank aksiyalarini sotib olgan yuridik va jismoniy shaxslar mustasno)».
Ustav kapitalining eng kam miqdorini oshirishdan maqsad nima va bu qanday natija beradi?
Banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini oshirish bank tizimining moliyaviy barqarorligi va ishonchliligini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Mazkur islohot bankning mavjud kapitalini oshiradi, bu esa uning qarzlarni to‘lash qobiliyatini yaxshilashga va bankrotlik xavfini kamaytirishga yordam beradi.
O‘zA