Bugun yurtimizda 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar yoshlarga o‘zlari tanlagan sohalari bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lish uchun imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish 42 foizga yetkaziladi. Talabalar sonining ortib borishi yaxshi, albatta. Ammo bu o‘sish parallel ravishda talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun sharoit yaratish, eng birinchi navbatda, uyidan olisda tahsil olishni maqsad qilganlar uchun turar joylar tashkil qilish vazifasini o‘rtaga qo‘yadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nazokat Abduqunduzova bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

– Aholi o‘ta zich joylashgan hududlarda talabalarni turar joy bilan ta’minlash hamisha dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Aynan mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida mavjud ichki imkoniyatlardan foydalangan holda qo‘shimcha turar joylar yaratish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Xususan, hozirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalarni turar joylar bilan ta’minlash bo‘yicha respublika miqyosida 38 ming o‘rinli 83 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 23 ming 494 o‘rinli 50 ta, oliygoh va byudjet mablag‘lari va oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hamda investitsiya dasturi doirasida 10 ming 660 o‘rinli 21 ta talabalar turar joylari qurilishi uchun zarur mablag‘lar ajratildi.

2023 yil yakuniga qadar respublika bo‘yicha 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan va yil yakuniga qadar ular to‘liq qurib bitkaziladi. 2023 yil 1 iyul holatiga 4 ming 702 o‘rinli 12 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 24 ming 394 o‘rinli 51 ta talabalar turar joylari qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida, ya’ni, yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar respublika bo‘yicha jami 6 ming 400 o‘rinli 11 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshiriladi.

Ijara uylariga bo‘lgan ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan va yangi o‘quv yili boshida muammo yuzaga keladigan shahar Toshkent shahri sanaladi. Toshkent shahrining o‘zida 50 mingdan ziyod talabaning turar joyga ehtiyoji mavjud. Ayni paytda Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida jami 272 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 159 ming 732 nafari kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydi. Ushbu talabalarning 68 ming 400 nafari yoki 43 foizi o‘z uyi va yaqin qarindoshlari uyida istiqomat qiladi.

Toshkent shahridagi Talabalar shaharchasi hududida jami 3 ta, 1 ming 800 o‘rinli talabalar turar joylari qurilmoqda. Sentyabr oyining birinchi o‘n kunligida talabalar turar joylarini tarqatish, taqsimlash jarayonida navbatlar hosil bo‘lishining oldini olish maqsadida belgilangan tartib va mezonlarga muvofiq yuqori kurs talabalariga yotoqxonalar oldindan (1-bosqich talabalariga TTJdagi o‘rinlarning 60 foizini saqlab qolgan holda) taqsimlandi. Shu tartibda, barcha kurslar bilan qo‘shib hisoblaganda Toshkent shahrida 42 ming 300 nafar yoki 27 foiz talaba mavjud 100 ta talabalar turar joylariga joylashtiriladi.

Tayyorlangan yotoqxonalar yong‘in xavfsizligi, qishga tayyorgarlik darajasi, liftlari (mavjud bo‘lsa) sozligi va sertifikatsiyalanganiga alohida urg‘u berilishi lozimligi belgilangan. Universitet hududlarida talabalarni yotoqxonalar va ijara uylariga joylashtirish markazlarini yo‘lga qo‘yish, ularda lider talabalar hamda tyutorlarning faoliyatini tashkil qilishga kelishib olingan.

Alohida qayd etishim lozimki, hozirda 48 ming 976 nafar talaba (30 foiz) turar joylarga muhtoj bo‘lib, ular ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri keladi. Tyutorlar orqali ushbu talabalar bilan suhbatlashilganda, 23 ming 774 nafar talaba (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijara xonadoni mavjud ekanligini ma’lum qilgan. Ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qo‘yishgan.

Ijara xonadonlariga joylashishga muhtoj bo‘lgan, ya’ni yotoqxonadan joy berilmagan, o‘z uyi, yaqin qarindoshi mavjud bo‘lmagan va ijara xonadoni ham aniq bo‘lmagan talabalar 25 ming 202 nafarni tashkil etmoqda. Ana shu tahlillardan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasalarida barcha tyutorlarni to‘liq jalb qilgan holda, mahalla raislari bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlarini topish ishlari amalga oshirildi. Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8 ming 438 ta ijara xonadonlarining manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur xonadonlarga 24 ming 254 nafar talabani joylashtirish imkoni mavjud.

Qolgan 948 nafar talabaga qo‘shimcha ijara uylarini topish ishlari davom etmoqda. Ayni paytda bo‘sh turgan ijara xonadonlari to‘g‘risidagi manzilli ro‘yxat barcha talabalarga yetkazilmoqda. Ijara xonadonlariga joylashgan talabalarga ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish ishlari ham yangi tartibda to‘lab beriladi. Oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (330 ming so‘m), qolgan hududlarda – bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari (165 ming so‘m) miqdorida to‘lanishi belgilab qo‘yildi.

Talabalar yotoqxonaga imtiyozli va umumiy ro‘yxat mezonlari bo‘yicha ketma-ketlikda, navbat asosida joylashtiriladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA