So‘nggi yillarda respublikada dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan maydonlardan samarali foydalanish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini oshirish, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilashga subsidiyalar ajratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 30 iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Unga ko‘ra, 2020-2022 yillarda 1699 kichik va katta vertikal sug‘orish quduqlari qazilishi uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 147,7 milliard so‘m subsidiya ajratildi. 2023 yilda ham suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ilash maqsadida 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklarining takliflariga asosan 791 ta, jumladan, 203 ta kichik, 584 ta katta quduq va 4 ta nasos agregatlarini o‘rnatishning manzilli ro‘yxati shakllantirildi.

Joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 412 nafar talabgorga artezian quduqlar uchun 48,2 milliard so‘m yo‘naltirdi. Natijada respublika bo‘yicha 88 ta tumandagi 298 ta mahallalarda 340 ta katta hajmdagi va 72 ta kichik hajmdagi artezian quduqlar qazildi. Bu esa 10,2 ming xonadonning 1 230 gektar tomorqa yer maydonini suv bilan ta’minlash imkonini berdi. Ular yiliga ikki-uch marta hosil olish, mahsulot yetishtirish orqali daromadga ega bo‘lmoqda.

Aslida ham jamg‘armaning maqsadi ham shu. Ya’ni davlat tomonidan qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali subsidiya ajratilishi natijasida hududlarda aholini qo‘shimcha daromad manbai bilan ta’minlash, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish va narx-navo barqarorligini saqlashga erishishdir.

Abbos Musurmonov,  

Ma’rufjon O‘rozov,  

Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa 

yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mutaxassislari  

O‘zA