Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va “Nukus vino zavodi” AJ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida “Xo‘jayli Taxiatosh” yo‘nalishidagi A-380 trassasi bo‘yidagi ekin maydoni yonidagi so‘qmoq yo‘lida to‘xtab turgan “Isuzu” rusumli yuk mashinasidan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasiga hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 5 litrli 118 dona PET idishlarda “Antiseptik” nomli jami 590 litr etil spirti mahsulotlarini yuklayotganligi aniqlandi. Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, Xo‘jayli tumanida joylashgan qurilishi to‘liq bitmagan uy ko‘zdan kechirilganda 5 litrli hajmdagi jami 122 dona PET idishlarda “Antiseptik” nomli jami 610 litr etil spirti mahsuloti ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Tezkor tadbir davomida jami 1 ming 200 litr etil spirti mahsulotining noqonuniy harakati va saqloviga chek qo‘yildi. Yuqorida aniqlangan huquqbuzarlik holati bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri