Ixtisoslashgan tibbiy xizmat xalqqa yanada yaqinlashmoqda. Bir paytlar ilg‘or xorijiy mamlakatlar, keyinchalik asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik operatsiyalar, innovatsion diagnostika usullari endilikda hududlarda ham bosqichma – bosqich joriy etilmoqda.

Xususan, o‘tgan qisqa davrda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyatida ham katta yangilanishlar yuz berdi.

Muassasada yangi bo‘limlar tashkil etildi. Viloyatlarda son suyagining tug‘ma chiqishi, oyoqlar deformatsiyasi, suyak sinishlari kabi patologiyalarni erta aniqlash va davolash sifati yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Natijada olis va chekka hududlardan uzoq yo‘l bosib poytaxtga keluvchi bemorlar soni kamaydi.

O‘z navbatida, bolalar ortopediyasi va bolalar travmatologiyasi bo‘limlari birlashtirilgani  kichik yoshli bemorlar salomatligini tiklashda qo‘shimcha qulayliklar yaratdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston tibbiyoti amaliyotida noyob yo‘nalish — qo‘l va oyoq panjasi xirurgiyasi bo‘limi tashkil etildi. Yelka bo‘g‘imi jarohatlari va kasalliklarini davolashda artroskopik texnologiyalarni tatbiq etish maqsadida ikkinchi artroskopiya bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani sohadagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Reabilitatsiya – jahon tibbiyotida eng ko‘lamdor yo‘nalish. Yurtimizda esa bu soha endi shakllantirilayotir. Jumladan, markazda ham alohida reabilitatsiya bo‘limi ochilishi bemorlarning tezroq va asoratsiz sog‘ayishini ta’minlamoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Tibbiyotdagi islohotlar: yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” mavzusidagi davra suhbatida shu kabi yutuqlar e’tirof etildi.

Tadbir yakunida islohotlar samaradorligini oshirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O‘zA