Ma’lumki, qalbaki, jumladan, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish nafaqat asl ishlab chiqaruvchilarning intellektual mulk huquqlarini buzadi, balki iste’molchilarning hayoti va sog‘ligiga tahdid soladi.

Sababi, ko‘pincha oziq-ovqat, maishiy, kimyo, kosmetika va dori-darmon mahsulotlariga oson taqlid qilingan holda qalbakilashtiriladi va undan nusxalar olinadi.

Bunday mahsulot ishlab chiqaruvchilar bozorda keng tarqalgan, ommalashgan, taniqli brendlar va logotiplarni o‘z mahsulotiga joylashtirish yoki shunga monand holat orqali xaridorlarni o‘ziga ishontirishga harakat qiladilar va aksariyat hollarda bunga erishadilar ham.

Bu kabi mahsulotlarning sifati tegishli idoralar nazoratidan o‘tkazilganida ular iste’molga yaroqli va inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lishi ham mumkin. Biroq, ularni ishlab chiqarish va sotish noqonuniy hisoblanadi.

Ammo, kontrafaktdan hali hech bir davlat butunlay qutulgani yo‘q. Lekin, unga qarshi kurashish shiddat bilan davom etmoqda. Xo‘sh, orginal mahsulot ishlab chiqaruvchilar va mashhur brendlar o‘z mahsulotlarining kontrafakt nusxalariga qarshi qanday kurashmoqdalar?

Bunga misol qilib mashhur kompaniyalardan biri “Disney” kompaniyasini ko‘rsatishimiz mumkin. Bu kompaniya dunyoga o‘zining ajoyib multfilmlari bilan tanilgan. Ushbu multfilm qahramonlari esa o‘yinchoqlar ko‘rinishida kompaniyaga milliardlab (AQSH dollarida) foyda keltiradi.

Ammo, kompaniya uzoq yillardan beri Xitoyda (bu birgina mamlakat misolida) nohalol tadbirkorlar evaziga daromadining katta qismidan ayrilib keladi.

Kontrafakt va qalbaki o‘yinchoqlar muammosiga yechim qidirgan “Disney” mas’ullari, an’anaviy usullar kerakli natijaga olib kelmagach, xaridorlar e’tiborini original mahsulotlarga qaratish uchun ajoyib yo‘l topadi.

Mamlakatda yirik marketing kompaniyasi boshlanadi va uning doirasida “Disney” brendi ostidagi mahsulotlar, Gonkongdagi Disneylendga sayohatni yutib olish imkonini beruvchi, golografik stikerlar bilan chiqarila boshlanadi.

Bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishni istamagan “o‘yinchoqsevarlar” esa do‘konlardan golografik stikerli – original mahsulotlarni olishni boshlashadi.

Ushbu oddiygina sxema “Disney”ga sotuv hajmini ko‘paytirish bilan bir qatorda soxta mahsulot sotuvchilar haqida juda ko‘p ma’lumot olishga yordam berdi. Sababi, mijozlar “Disney” brendi ostida ammo stikerlari bo‘lmagan mahsulotlar qayerda sotilayotgani haqida kompaniyaga arizalar bilan murojaat qilishni boshlaydi.

Mana bu yo‘l bizning tadbirkorlarimiz uchun haqiqiy motivatsiya bo‘la oladi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA