Ma’lumki, oxirgi 5 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6,2 barobar oshgan. 2017 yildagi 29 million dollardan 2022 yilda 181,2 million dollarga yetdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tashqi savdo aloqalari, 2023 yilning yanvar-iyun oylari uchun tovar toifalari bo‘yicha import va eksport hajmlarini aks ettiruvchi infografika tayyorladi.
Unda qayd etilishicha, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida savdoda erkin savdo rejimi o‘rnatildi. O‘zaro savdoda bojxona to‘lovlari, soliqlar va yig‘imlar, shuningdek, ikki mamlakat hududida ishlab chiqarilgan tovarlarni eksport qilish yoki import qilishda miqdoriy cheklovlar qo‘llanilmasligini hisobga olsak, eksportchilarimiz mamlakatlarimiz bozorlariga yetkazib bera oladigan tovarlar hajmi va nomenklaturasini kengaytirish uchun qulay sharoitlarga ega.
Joriy yilning 6 oyi yakunlari bo‘yicha o‘tgan yilning shu davriga nisbatan O‘zbekistonning Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi 84,6 million dollarni, eksport 64,1 million dollarni, import 20,6 million dollarni tashkil etdi.
Joriy yilning ko‘rsatilgan davrida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmida Ozarbayjon bilan savdo ulushi: tovar aylanmasi bo‘yicha 0,3 foiz, eksport bo‘yicha 0,5 foiz, import bo‘yicha 0,1 foizni tashkil etdi. 2022 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2021 yilga nisbatan sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Tovar ayirboshlash hajmi 118,9 million dollardan 181,2 million dollarga 52,4 foizga o‘sdi. Eksport 76 million dollardan 131,7 million dollarga, import 42,9 million dollardan 49,5 million dollarga oshdi.
2022 yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga eksporti tarkibida asosiy tovar pozitsiyalari: to‘qimachilik mahsulotlari va gilamlar (eksportning 17%); oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar (13%); tamaki (13%); elektrotexnika mahsulotlari (12%), shu jumladan, konditsionerlar, televizorlar, muzlatgichlar, elektr pechlar va boshqalar; mis sim va mis quvurlar (11%); transport uskunalari va ularning qismlari (12%); transport vositalari uchun dvigatellar (5%); kimyoviy mahsulotlar (4%), shu jumladan farmatsevtika, shuningdek xizmatlar (5%)ni tashkil etmoqda.
Ozarbayjon import tarkibida asosiy ulushni mis rudalari va mis konsentratlar (importning 40%); alyuminiy (20%); neft mahsulotlari va polimerlar (12%); oziq-ovqat mahsulotlari (10%), shuningdek xizmatlar (5%), asosan transport egalladi.
O‘zA