Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflari uchun zamonaviy darsliklar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda 1-4-sinflar uchun ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan yangi darsliklar haqida batafsil ma’lumot berildi hamda darsliklarning afzalliklari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova so‘zga chiqib, ta’lim tizimida kutilayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy bilim va tajriba, milliy va umumbashariy qadriyatlarga sodiqlik ruhida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi qilib voyaga yetkazish ustuvor vazifalardan biriga aylanib ulgurdi, – deydi vazir. – Bugun “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oya asosida maktabgacha va maktab ta’limi tizimida olib borilayotgan islohotlar natijasida ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning moddiy-ma’naviy sharoiti tubdan yaxshilanib, maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirishning zamonaviy texnologiyalari joriy qilinmoqda. Boshlang‘ich sinflar uchun ushbu yangi darsliklar o‘quvchilarni har tomonlama rivojlantirish, nafaqat bilim, balki zamonaviy jamiyatga muvaffaqiyatli moslashish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Shuningdek, mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, “4K” modeliga asoslangan innovatsion yondashuvga ega, yangi, zamonaviy maktab darsliklari metodologiyasi bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan bo‘lib, quyidagi asosiy kompetensiyalarni o‘z ichiga oladi.

Kollaboratsiya – darsliklar o‘quvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradigan tarzda tuzilgan. Bu o‘quvchilarga hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini o‘rganishga ko‘maklashadi.

Kommunikativlik – darsliklar o‘quvchilarning boshqalar bilan muloqot qilish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan. O‘quvchilar o‘z fikrlarini aniq va ravshan ifodalashga, suhbatdoshni tinglashga va tushunishga, ma’lumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishga o‘rganadilar.

Kreativ fikrlash – darsliklar ijodiy fikrlashni va yangilik qilish qobiliyatini rivojlantiradi. O‘quvchilar o‘z maqsadlariga erishish uchun yangi yondashuvlarni qo‘llashni o‘rganadilar, innovatsion yechimlarni ishlab chiqadilar va ijodiy muammolarni hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladilar.

Kritik fikrlash – ushbu metodologiya o‘quvchilarning axborotni tanqidiy baholash, o‘z fikri va mulohazalarini shakllantirish ko‘nikmalarini rivojlantiradi. O‘quvchilar muammolarga analitik nuqtai nazardan yondashishni o‘rganadilar va mantiqiy fikrlash asosida o‘z nuqtai nazarini shakllantiradi.

Ko‘rgazma davomida kimyo, biologiya va fizika fanlaridan tayyorlangan virtual laboratoriyaning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Undan so‘ng “Global Teacher Prize” tanlovi (“Ustoz” milliy mukofoti) taqdimoti o‘tkazilib, mazkur tanlovga start berildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA