O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun Akademiya tuzilmasida Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti tashkil etiladi.

Xorijiy fakultetning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

 xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlarini belgilangan tartibda qabul qilish, o‘qitish va bitiruv tadbirlarini tashkil etish, ushbu jarayonga jalb etiladigan Akademiyaning ilmiy va o‘quv-tarbiyaviy bo‘linmalariga har tomonlama ko‘maklashish; 

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga ta’lim berish shakllari va texnologiyalarini takomillashtirish maqsadida respublikaning boshqa sohalardagi yetakchi ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish; 

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari va Akademiyaning kursantlari (tinglovchilari) o‘rtasida madaniyatlararo almashinuv bo‘yicha tadbirlar, shuningdek, madaniy va ma’naviy- ma’rifiy ishlarning sifatli o‘tkazilishini muvofiqlashtirish; 

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlariga ta’lim berish jarayonining samaradorligini baholash, madaniyatlararo almashinuvning yangi shakllarini qo‘llash hamda o‘qishning tahlilini amalga oshirish; 

xorijiy davlatlar ichki ishlar organlari (politsiya) kadrlari vaqtincha yashashi uchun uy-joy ijarasi va madaniy-hordik, tadbirlarini tashkil etish. 

Ta’lim belgilangan tartibda tuziladigan ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarga muvofiq bepul, imtiyozli hamda to‘lov asosida amalga oshiriladi.

O‘zA