Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab ta’sis etilgan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur saroyga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, barcha turdagi media tuzilmalarning vakillari, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, yosh ijodkorlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jamiyatimizga yangicha nafas, teran nigoh, mutlaqo o‘zgacha ruh, odamlar tafakkurida keskin ijobiy burilishlar yasaganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasidajamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil ekaniga asosiy e’tiborni qaratdi.
Ayni paytda yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan mulk shakli, yo‘nalishi, axborot uzatish tarzi turlicha bo‘lgan ommaviy axborot vositalari uchun yuqori bilim va malakaga ega bo‘lgan kadrlar zarurligini, jamiyatda kechayotgan islohotlarning ahamiyati va mohiyatini keng jamoatchilik va xalqimizga tez, xolis, haqqoniy yetkazib beruvchi media-mutaxassislarga bo‘lgan talab tobora ortib borayotganinidavrning o‘zi ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalariva axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiva “Uzreport” axborot agentligi kabi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.Shu bilan birga mazkur tanlov media sohasi vakillarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy mushohada va o‘z faoliyatlariga yangicha yondashuvni takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, tanlov bu yil o‘n uchinchi marotaba o‘tkazildi. Milliy media olamda eng nufuzli bo‘lgan “Oltin qalam” tanlovida o‘tgan yillar davomida 6000 dan ortiq jurnalistning 90 000 ga yaqin ijodiy ishi ko‘rib chiqildi. 260 nafar hamkasbimiz tanlov g‘olibiga aylandi. Mazkur tanlovlarni o‘tkazish va g‘oliblarni taqdirlash uchun jami 1 milliard 570 million so‘m miqdorida pul mukofotlari ajratildi. Shuningdek, 80 dan ortiq ijodkor mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar – BMT, YUNЕSKO, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, YUNEYDS, YUSAID, Sloveniyaning “Mintaqaviy muloqot” xalqaro tashkiloti va chet el diplomatik korpuslarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari tomonidan ta’sis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida YUNЕSKO, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RESSA), YUSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya), Gyote instituti, “Mintaqaviy muloqot” (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari, AQSH, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va Xitoy Xalq Respublikalarining elchixonalari, shuningdek, milliy hamkorlar – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham o‘z mukofotlarini topshirdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda milliy jurnalistikani rivojlantirish yo‘lidagi e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bugungi tezkor davr ijodkorlardan o‘z kasbiga sadoqat, fidoyilik, katta mas’uliyat bilan yondashuvni talab etayotganini ta’kidladi.
Tadbir doirasida taniqli san’at ustalari, o‘zbek milliy estradasining yulduzlari va yosh san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.