“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash bo‘yicha bayonotiga ko‘ra, 2050 yilga kelib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismidan ko‘prog‘iga ta’sir qiladi.

Jahon tabiiy resurslar instituti va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, 2040 yilga borib suv tanqisligiga eng ko‘p uchrashi taxmin qilinayotgan 33 davlat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston ham bor.

E’tiborli jihati Markaziy Osiyoda suvning 80 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ishlatiladi. Shu bois, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasida suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti xalqaro darajadagi tadbirlar va minbarlarda bir necha bor vujudga kelishi mumkin bo‘lgan suv tanqisligini hamda ekologik muammolarni birgalikda hal etishga qartilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalishining uchinchisi ham aynan Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qarаtilgan maqsadlarni o‘zida jamlagan. Xususan, strategiya loyihasida suv ishlatish samaradorligini 25 foizga oshirish, barcha ekin maydonlarini to‘liq suv tejaydigan texnologiyalarga, ichki sug‘orish tarmoqlarining 50 foizini yopiq quvurli sug‘orish tizimlariga o‘tkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, suv yetkazish tizimiga ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy qilgan holda tuproq qoplamali kanallarni beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha yetti yillik chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi. Shu bilan birga, uzoq muddatga mo‘ljallangan respublikaning suv resurslari balansini ishlab chiqish va uning ustidan doimiy monitoring o‘rnatish tizimi joriy qilinadi.

Sir emaski, mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan suvlarning asosiy qismi qo‘shni davlatlar orqali kirib keladi. Shu bois, strategiyada qo‘shni davlatlar bilan suv resurslari va davlatlararo suv xo‘jaligi ob’ektlaridan birgalikda foydalanish masalalarida faol ikki tomonlama manfaatli hamkorlik davom ettirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga ham alohida e’tibor qartiladi. Xususan, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish va sug‘oriladigan maydonning har bir gektariga beriladigan suv hajmini 20 foizga kamaytirish orqali suvning mahsuldorligi oshiriladi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash orqali 1 m3 suv bilan sug‘orilgan yer maydonidan 3,7 dollar miqdorida daromad olishga erishiladi.

Ma’lumki, suvdan samarali foydalanishda zamonaviy boshqaruv tizimining ham o‘rni yuqori sanaladi. Shu bois, 2030 yilgacha kamida 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’ektida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish, irrigatsiya sohasiga xususiy sektorni jalb etish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy qilish hisobiga xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish maqsad qilingan.

Umuman olganda, mamlakatimizni kelgusi yetti yilda rivojlantirishga qarаtilgan strategiya doirasida, global darаjadagi ekologik barqarorliklar ta’sirini o‘z vaqtida bartaraf etish va qishloq xo‘jaligi boshqaruvi samaradorligini oshirish orqali aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qartilgan.

Oltinoy MAMIROVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA