Poytaxtimizdagi “O‘zbekfilm” pavilyonida «Zakovat» o‘yini bo‘yicha I Osiyo ochiq chempionatining tantanali yakuniy qismi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva ochib berdi.
Tadbirning badiiy qismida yoshlarimizni bilimga, kitobsevarlik va hamjihatlikka chorlovchi motivatsion sahna ko‘rinishlari hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Shundan so‘ng, 2 ta yo‘nalishda, jumladan, “Zakovat” hamda Breyn ring bo‘yicha bellashib g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar taqdirlandi.
Xususan, «Zakovat» o‘yini bo‘yicha quyidagi jamoalar sovrinli o‘rinlarni egalladi. Jumladan, 1-o‘rin GG O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armanistonlik ishtirokchilardan tashkil topgan terma jamoaga, 2-o‘rin Borskiy korabel Rossiya, 3-o‘rin Basendji Rossiya, Qozog‘iston terma jamoasiga nasib qildi.
G‘olib jamoalar 1-o‘rin uchun 100 million so‘m, 2-o‘rin 60 million so‘m, 3-o‘rin 40 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Breyn-ring o‘yinida zafar quchgan jamoaga esa maxsus tayyorlangan I Osiyo ochiq chempionati kubogi topshirildi.
I Osiyo ochiq chempionati doirasidagi Breyn-ring o‘yini g‘olibi hamda kubok sohibi “Basendji” jamoasi bo‘ldi. Jamoaga kubokni Saida Mirziyoyeva topshirdi.
Gulnoza Boboyeva, Davron Ernazarov(surat) O‘zA