“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi
Ma’lumki, keyingi yillarda aholi turmush farovonligini yaxshilash, salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 73,8 yosh bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yil boshida 73,4 yoshni tashkil etgan.
Ayni kunlarda keng jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini 2 barobarga oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet, nafas yo‘llari va yuqumli kasalliklar bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish hamda sil kasalligi bilan kasallanish darajasini 100 ming aholiga nisbatan hozirgi 34 nafardan keskin tushirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, loyihada aholiga birlamchi tibbiy xizmatni yanada yaqinlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Buning uchun kelgusi yetti yilda 700 ta poliklinika barpo etilib, 28 ming shifo o‘rinlari yaratiladi va 16 ming shifokor shtatlari tashkil etiladi.
350 ming nafar diabet, 1,5 million yurak-qon tomir kasalligi bor bemor davolash bilan to‘liq qamrab olinadi. Tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishiladi.
Bu kabi islohotlar nafaqat fuqarolarimizning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ortishi, shu bilan birga, aholining barcha qatlami salomatligi yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi. Xususan, bolalar o‘rtasida irsiy kasalliklar 2 barobarga kamayadi. Har yili ikki marotaba 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Umuman olganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida nafaqat aholi salomatligini asrash shu bilan birga, barcha sohalarda bo‘lgani kabi ijtimoiy sohani ham rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.
Jumladan, ta’lim tizimining barcha bosqichlarida boshlangan islohotlar ham jadallik bilan davom ettirilishi maqsad qilinmoqda. 2023-2030 yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim va tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetkaziladi. Buning uchun 2 mingta yangi bog‘cha bunyod etiladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari 100 foiz toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturi amalga oshiriladi. Natijada, 2023/2024 o‘quv yildan boshlab har yili 500 ming yangi quvvatlar tashkil etilib, o‘quv o‘rinlari soni 7,5 millionga yetkaziladi. 2,5 million o‘quvchi o‘rniga ega maktablar qurishga 8 milliard dollar ajratiladi.
Ushbu jarayonlarda o‘quvchi-yoshlarimizning oliy ta’lim olishga bo‘lgan intilishlarini ham to‘laqonli qamrab olishga alohida e’tibor qaratiladi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi kamida 50 foizga yetkazilib, davlat granti asosidagi qabul parametrlari 2 barobarga oshiriladi. “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy qilinadi. 5 ta oliy ta’lim muassasasi milliy tadqiqot oliygohlariga aylantirilib, qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylari quriladi.
Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta yo‘nalishi va 100 ta maqsadlari doirasida mamlakatimizni kelgusi yetti yilda jadal rivojlantirish orqali dunyoning eng rivojlangan davlatlari safidan o‘rin olishiga erishish begilangan.
Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA