Suvdan noqonuniy foydalangani uchun qisman elektr tarmoqlaridan uzilgan fermerning e’tirozi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, hech kimga sir emas, suv tanqisligi yildan-yilga jiddiy tus olmoqda. Qoraqalpog‘iston Respulikasida ham suvdan oqilona foydalanishga qaratilgan samarali va qat’iy choralarning ko‘rilishi hayotiy zaruratga aylanmoqda.

O‘tgan 2022 yilda ayrim fermerlar tomonidan bir necha o‘n minglab gektar noqonuniy sholi maydonlari tashkil etilganligi oqibatida, yuz ming gektarga yaqin paxta va g‘alla maydonlari, minglab aholi tomorqalari suvsizlikdan aziyat chekkan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, prokurorlar O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul. Shu jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash ham prokurorlarning ustuvor vazifalaridan biri.

Joriy yilning 6 oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasida 203 ta tekshiruv o‘tkazilib, 238 nafar mas’ulning javobgarligi hal qilingan, 165 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Suvdan foydalanishdagi qo‘pol qonun buzilish holatlari bo‘yicha 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ming afsuski, ayrim fermerlarimiz suvdan noqonuniy va o‘zboshimchalik bilan foydalanishga qaratilgan harakatlarini davom ettirmoqda.

Xususan, joriy yilning 4 iyul kuni “Qonliko‘l agro ta’minot” fermer xo‘jaligi 8,3 gektar yer maydoniga rejasiz sholi ekib, nasos agregati orqali sholi maydonlariga limitsiz suv olgani aniqlanib, ma’muriy chora ko‘rish uchun sud muhokamasiga yuborilgan. Joriy yilning 8 avgust kuni Qonliko‘l tumani irrigatsiya bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda “Qonliko‘l agro ta’minot” fermer xo‘jaligi 8,3 gektar sholi maydoniga nasos orqali o‘zboshimchalik bilan suv olishni davom ettirayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyadan foydalanish qoidalari”ning 70-bandida iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish (maishiy iste’molchilar bundan mustasno) 100 foiz oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirilishi belgilangan. “Qonliko‘l agro ta’minot” fermer xo‘jaligi limitsiz suv olinayotgan nasosdan elektr energiya uchun oldindan to‘liq to‘lovsiz noqonuniy foydalanib kelinayotgani sababli tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan tarmoqdan qonuniy ajratilgan. Irrigatsiya hamda elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifa va vakolat doirasida harakat qilgan.

Ammo, elektr tarmoqlari korxonasi xodimi fermer xo‘jaligi rahbarining asossiz talabi bilan nasos agregatini elektr tarmog‘iga qayta ulab bergan. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qoraqalpog‘iston hududiy filiali xulosasiga ko‘ra, tuman elektr ta’minoti xodimi nasos agregatini qayta ulashda qonun talablariga zid harakat qilgan.

Rasmiy munosabatda qayd etilishicha, maqsad – qishloq xo‘jaligi sohasida qonuniylikni ta’minlash orqali suvdan oqilona foydalanilishiga erishish, suv tanqisligining oldini olish, aholining, ayniqsa, shimoliy tumanlar aholisining suv tanqisligidan aziyat chekishiga yo‘l qo‘ymaslik. Shu sababli, bundan keyin ham bu sohada huquqbuzarliklarning har qanday ko‘rinishiga qonun doirasida qat’iy munosabat bildirib boriladi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA