Saudiya Arabistoni Podshohligining rasmiy axborot agentligi – “SPA”saytida e’lon qilingan “Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi ilk turbinasi o‘rnatildi” sarlavhali maqolada “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Peshku va G‘ijduvon tumanlarida quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilayotgani, mazkur loyiha doirasida “Envision” kompaniyasi (Xitoy)ning birinchi 6,5 MVt quvvatli turbinasi o‘rnatilgani, qurilma minorasi balandligi 100 metr, har bir parraginiki esa 84 metrni tashkil qilishi ta’kidlangan.

Muallif korxona boshqaruvi bosh direktori Kashif Rananing quyidagi so‘zlarini ham keltirgan:

–Shamol stansiyasida birinchi turbina o‘rnatilishi ushbu loyihaning muhim bosqichlardan biri. Uzluksiz taraqqiyotga hamohang, ayni jarayonda O‘zbekiston energiya majmusini diversifikatsiya qilishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyani qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shayotganimizdan mamnunmiz.

Darvoqe, ushbu yirik loyiha doirasida jami 158 ta shunday shamol turbinasi o‘rnatish mo‘ljallangan. 2024 yil mazkur elektr stansiyalarining ilk quvvati ishga tushirilgach, mamlakatimiz aholisi uchun yiliga 3 milliard 600 million kVtsoat elektr energiyasi yetkazib berish imkoni paydo bo‘ladi. Natijada yiliga 1 milliard 100 million kubometr tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 1 million 500 ming tonna zararli gaz chiqishining oldi olinadi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA