Odatda inson tanasi uchun xavfsiz bo‘lgan narsalarga immun tizimini kuchli javob reaksiyasi allergiya deb ataladi.
Allergenga nisbatan javob reaksiyasi darhol yoki asta-sekin o‘ta sezuvchanlik ko‘rsatish orqali sodir bo‘ladi. Allergen organizmga tushganida unga javoban haqiqiy va soxta (psevdoallergik) allergik reaksiyalar paydo bo‘lishi mumkin. Haqiqiy allergik reaksiya boshlanishidan oldin ma’lum bir davr o‘tib, bunda organizmning unga birinchi bor tushgan moddaga sezgirligi ortib boradi, bu Sensibilizatsiya deb ataladi. Sensibilizatsiya yuzaga kelishi organizmda unga birinchi bor tushgan allergenga javoban alohida oqsil moddalar – antitelolar yoki o‘sha allergen bilan o‘zaro ta’sir qila oladigan limfotsitlar paydo bo‘lishiga bog‘lik. Shungacha allergen organizmdan chiqarib yuborilgan bo‘lsa, hech qanday kasallik alomati ko‘zga tashlanmaydi. Agar allergen chiqib ketmagan bo‘lsa yoki chiqib ketganidan keyin organizmga takror tushsa, bunda u yuqoridagi antitelolar yoki limfotsitlar bilan o‘zaro ta’sirlashib, allergiyaga sabab bo‘ladi. Natijada bir qancha biokimyoviy jarayonlar boshlanib, gistamin, serotonin kabi talaygina moddalar ishlab chiqarilib, hujayralar, to‘qimalar va a’zolarni zararlantiradi, shu tariqa maxsus, ya’ni ilgari organizmga ta’sir qilgan allergenga javoban reaksiya ro‘y berib, allergik kasallik yuzaga keladi. Soxta reaksiyalar organizm allergenga birinchi marta duch kelganida boshlanaveradi. Bunda Sensibilizatsiya davri bo‘lmaydi. Organizmga tushgan allergenning o‘zi hujayra, to‘qima va a’zolarni zararlantiradigan moddalarni paydo qiladi. Soxta reaksiyalar, ko‘pincha, dori-darmonlar va oziq-ovqatlarga nisbatan yuz beradi.
Organizm allergenga duch kelganida hamisha ham allergiya paydo bo‘lavermaydi. Bunda irsiyat, nerv va endokrin tizimlar ahvoli muhim ahamiyatga ega, chunki kasaliga, asosan, bu tizimlar faoliyatining buzilishi, og‘ir ruhiy kechinmalar sabab bo‘ladi.
Allergiya haqida va kasallikdan butkul qutulish mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida oliy toifali terapevt shifokor Dilshod Tursunov bilan batafsil suhbatlashdik.
Batafsil:
M.Turdaliyeva, A Sodiqov O‘zA