Joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “O‘zbekiston – Xitoy Xalq Respublikasi tibbiyot forumi”ga tayyorgarlik ko‘rish, ikki tomonlama rivojlanish istiqbollarini belgilash maqsadida Shinjon tibbiyot universiteti qoshidagi an’anaviy Xitoy tabobati gospitaliga o‘zbekistonlik bir guruh shifokorlarning tashrifi uyushtirildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari dastlab Xitoyning zamonaviy tibbiyoti bilan tanishdi.

Xitoy tabobati gospitali 2 ming o‘rin, 27 bo‘limdan iborat. Shundan 300 tasi travmatologik-ortopedik o‘rinlar bo‘lib, asosan kattalarda suyak kasalliklari, suyak sinishlari va ularning asoratlari davolanadi.

Tashrif davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilinib, aniq yo‘nalishlar belgilab olindi. Xususan, bo‘g‘im kasalliklarining “konservativ va operativ davolari” masalasi ustuvor yo‘nalish sifatida tanlab olinib, noan’anaviy Xitoy tibbiyoti usullarini joriy etish maqsad qilindi.

Xitoy tibbiyoti va uning zamonaviy tibbiyot bilan integratsiyalashuvi. Gospitalda bemorlarni davolashga ana shunday yondashiladi. Reabilitatsiya, igna sanchish, fizioterapiya bo‘limlarida va giyohlardan dori tayyorlash texnologiyasi laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishgan shifokorlarimiz bu yerda bajarilayotgan ishlar haqiqatda hayratlanarli ekanini ta’kidladi.

Reabilitatsiya bo‘limida 120 nafar shifokor faoliyat yuritib, bir kunda 3 mingga yaqin bemorga xizmat ko‘rsatadi.

Tashrifning ikkinchi kuni Shinjon tibbiyot universiteti rektori Adjay Akbar Isoq bilan uchrashuv tashkil etildi. Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan tuzilgan memorandumlar asosida magistr va mutaxassislarni almashish ishlarini jadallashtirish kerakligi aytildi. Qayd etilganidek, hozirda  universitetda 60 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba-yoshlar malaka oshirmoqda.

Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolari universitet faoliyati bilan tanishdi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Xitoy tabobati gospitali o‘rtasida travmatologiya va ortopediya sohasida tajriba almashish, malaka oshirish kurslari va mahorat darslari orqali mutaxassislarni tayyorlash, axborot almashishni nazarda tutuvchi ikki tomonlama kelishuvga erishildi.

Xitoylik mutaxassislar “O‘zbekiston-Xitoy Xalq Respublikasi tibbiyot forumi”da qatnashish uchun yurtimizga taklif etildi.

M.Qosimova, O‘zA