Shaxsiy hayot daxlsizligi insonning shaxsiy huquqiy maqomini anglatuvchi qadriyat hisoblanadi. Inson hayotiga uning irodasiga zid ravishda tashqaridan aralashish, xususan, shaxsiy ma’lumotlar bilan tanishish, ularni to‘plash va tarqatish ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Mazkur huquq shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishni nazorat qilish, yozishma va xat-xabarlarning sir saqlanishi, qadr-qimmatiga nisbatan tajovuzlardan saqlanish va turar joyiga o‘zboshimchalik bilan boshqalarning kirishiga to‘sqinlik qilish kabi bir qancha elementni o‘z ichiga oladi. Insonning tug‘ilishidan vafotiga qadar hamrohlik qiladigan ushbu huquq bir qator xalqaro huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan.
Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (1948)ning 12-moddasida hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomusi, sha’niga tajovuz qilish mumkin emasligi, har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzdan qonun orqali himoyalanish huquqiga egaligi ta’kidlanadi. Shuningdek, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt (1966)ning 17-moddasida hech kim o‘zining shaxsiy va oilaviy hayotiga o‘zboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, o‘zining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga o‘zboshimchalik va noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va sha’niga noqonuniy tajovuz qilinishiga duchor etilishi mumkin emasligi belgilangan.
Kunda-kunora ijtimoiy tarmoqda shaxsiy va oilaviy sirlarni tashkil etuvchi fotosuratlar, o‘zaro yozishmalar, intim holatlar aks etgan foto va videotasvirlar tarqalmoqda. Xo‘sh, bu kabi holatda qonun buzilishi bormi? Qonunchilikda shaxsiy hayot daxlsizligini buzganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?
Batafsil:
“Huquqiy ekspert” turkum videolavhalarini kuzatishda davom eting va o‘z haq-huquqlaringiz haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ling.
M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA