Poytaxt Bokuda “O‘zbekiston – Ozarbayjon: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti – MOXI va Ozarbayjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi – XMTM tomonidan o‘tkazilgan forumda ikki davlat yetakchi tahliliy va tadqiqot tuzilmalaridan 30 dan ziyod mutaxassis va siyosatshunoslar, diplomatik korpus vakillari, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputatlari va boshqa qator mutaxassislar ishtirok etdi.
Xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi boshqaruvi rahbari F.Shafiyev O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlik holatiga yuqori baho berib, Prezident Ilhom Aliyevning o‘tgan yil Toshkentga tashrifi chog‘ida qo‘yilgan “yaxshi poydevor”ni qayd etdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga bo‘lajak davlat tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlariga yangi sur’at bag‘ishlashi, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
MOXI direktori o‘rinbosari Sh.Fayziyev O‘zbekiston – Ozarbayjon hamkorligi izchil mustahkamlanib, kengayib borayotganini, bunga Ozarbayjon rahbarining mamlakatimizga tarixiy tashrifi, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari turtki bo‘lganini aytdi.
Darvoqe, Prezidentlar tomonidan Strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklikni turli darajada mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanligini namoyon etgani muhim natijalardan biri bo‘lgan.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Markaziy Osiyoda erishilayotgan ijobiy o‘zgarishlar barcha sohada o‘zaro manfaatli hamkorlikni, jumladan, hududlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoit yaratayotgani qayd etildi.
Ozarbayjon ekspert doira vakillari ikki tomonlama munosabat holati va istiqbolini yuqori baholab, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga qaratilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasini alohida e’tirof etishdi.
Muloqot chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yangi mintaqaviy yo‘nalishi tufayli Markaziy Osiyoda qulay siyosiy muhit yaratilgani o‘zaro ishonchni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qilayotgani ham ta’kidlandi. Mintaqada shakllangan jarayonlar Ozarbayjon va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyat ochmoqda.
Ozarbayjon tomoni ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqani kengaytirish istiqboliga alohida e’tibor qaratdi. Transport, sanoat kooperatsiyasi, energetika, to‘qimachilik, tog‘-kon sanoati, elektrotexnika va kimyo sanoati kabi sohalardagi hamkorlikka katta qiziqish bildirilyapti.
Muhokama doirasida ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekiston bilan Ozarbayjon hamkorligi holati va istiqbolini atroflicha tahlil qildilar, rivojlanish va izchil rivojlantirishni talab qiladigan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi, ikki va ko‘p tomonlama munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan takliflar bildirildi.
Ozarbayjon tahliliy tuzilmalari bilan o‘tkazilgan qo‘shma davra suhbati yakunidaMOXI Ozarbayjon XMTM bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi. Hujjatikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikka tizimli tus berishga mo‘ljallangan bo‘lib, qo‘shma “davra suhbatlari”, seminar, konferensiya, ilmiy- tadqiqotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Prezident Ilhom Aliyev farmoni bilan 2019 yilda tashkil etilgan XMTMning asosiy maqsadi Ozarbayjonda va jahonda ro‘y berayotgan muhim xalqaro jarayonlarni tahlil qilish, xalqaro muammolar bo‘yicha tadqiqot materiallari va ma’ruzalar tayyorlash, Ozarbayjon bo‘yicha tadqiqotlarni kengaytirish, xavfsizlik jarayoni va muammolarni o‘rganishdan iborat.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA