Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish asosan bog‘cha tarbiyalanuvchilari maktabga yo‘l olgandan keyin boshlanadi. Bo‘shagan o‘rinlarga mos ravishda maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashish uchun navbatga qo‘yilgan bolalar hukumat tomonidan tasdiqlangan reglamentga asosan navbat asosida ketma-ketlikda qabul qilinadi. Bolalarga yo‘llanma asosan may va avgust oylarida shakllantiriladi.
Reglamentga asosan bolalarning quyidagi kontingenti imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
– ko‘p bolali oilalarning bolalari;
– yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
– «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning farzandlari;
– kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;
– talabalar va pedagoglarning bolalari;
– akasi yoki opasi ushbu muassasaning tarbiyalanuvchisi jumlasidan bo‘lgan bolalar;
– ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.
Ma’lumot uchun: Oila kodeksining 41-moddasiga asosan, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali hisoblanadi.
Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan har oy kesimida bolalar navbati masalasida tahlil olib boriladi va uning natijasiga ko‘ra, qaysi hududda MTT qurilishi yoki DXSH asosidagi oilaviy MTT soni ko‘paytirish zarurligi ko‘rib chiqiladi. Agar bog‘chalarda bo‘sh guruhlar vujudga kelsa, albatta, ushbu bog‘chada qo‘shimcha guruhlar shakllanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni qabul qilish jarayoni bo‘yicha beriladigan eng asosiy 10 ta savolga Maktabgacha ta’lim agentligi maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulbahor Parpiyeva javob berdi.
Batafsil:
M.Turdaliyeva, H.Abduvoitov O‘zA