O‘zbekiston turizmi salohiyatini Sharqiy Osiyo mamlakatlarida keng targ‘ib etish maqsadida Indoneziyada bo‘lib turgan Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi a’zolari bugun Indoneziya Musulmonlar idorasi rahbariyati bilan uchrashdi.
Turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida “Halal tourism” targ‘ibotini yanada kuchaytirish, musulmon sayyohlar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama etildi.
Ikki tomonlama muloqot chog‘ida Indoneziyadan O‘zbekistonga boruvchi musulmon sayyohlar sonini oshirish, bunda hamyonbop tur paketlar ishlab chiqish va sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.
– Biz O‘zbekistonning qadimiy tarixi va turizm imkoniyatlari haqida birmuncha ma’lumotlarga egamiz, – deydi Indoneziya Musulmonlar idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Sudarnoto Abdul Hakim. – O‘zbekistonlik qomusiy olimlar tomonidan Islom dini tashviqoti uchun amalga oshirilgan ishlar va ularning ilmiy meroslari bilan yaqindan tanishish imkoniyati indoneziyalik musulmonlarni xursand etadi. Jumladan, Sumatra orolida yashovchi aholining 5 million nafardan ortig‘i Naqshbandiya tariqati asosida hayot kechiruvchilar hisoblanadi. Shu boisdan O‘zbekistonga tashrif buyurishni istovchilar soni juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Muloqot davomida ayni paytda Buxoroda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida indoneziyalik rasmiylarga to‘liq ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunida Indoneziyadagi masjidlar va ularning atrofidagi aholi gavjum xiyobonlarda o‘rnatilgan ekranlarda Buxoro targ‘iboti bo‘yicha videoroliklar namoyishini tashkil etish borasida kelishib olindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA